Prezidentimizning 2025 yil 15 mayda “Prezident iqtidorli farzandlari tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni barvaqt aniqlash hamda global mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsad qilingandi.
Buxoroda farmon ijrosi doirasida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturiga ilk bora qabul imtihonlari tashkil etildi.

O‘zbekiston bo‘ylab saralangan 1500 nafar eng iqtidorli 9-sinf bitiruvchilari “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi orqali jahondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalariga tayyorlanadi.

Imtihonda 1400 nafarga yaqin buxorolik o‘quvchilar ham ishtirok etdi. Dasturga qabul bir bosqichda o‘tkaziladi. Har bir hududda matematika va ingliz tilidan 40 tadan savol (jami 80 ball) beriladigan test sinovlari tashkil etiladi. Olimpiada g‘oliblariga 20 ballgacha qo‘shimcha ball, Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestri a’zolari farzandlariga esa 10 ball imtiyoz beriladi. Hududlar kvotasi doirasida eng yuqori ball to‘plagan jami 1500 nafar o‘quvchi saralab olinadi.

Ma’lumot uchun, “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturiga joriy yilning 31 iyul kuniga qadar jami respublika bo‘yicha 27789 ta ariza qabul qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.