English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy chempionat va kubok bahslari shiddatli o‘tadi
12:25 / 2025-09-08

Avval xabar berganimizdek, bugun 8 sentbyar kuni “CAFA Nations Cup – 2025” musobaqasi finalida O‘zbekiston va Eron terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Mazkur bahsdan ikki kun o‘tib esa 20 kunlik tanaffusdan so‘ng, futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 21-tur uchrashuvlari boshlanadi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, milliy chempionatimizning ushbu turini "Nasaf" — "Buxoro" klublari o‘rtasidagi o‘yin boshlab beradi. Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida o‘tadigan ushbu o‘yin 10 sentyabr kuni soat 19:00 da start oladi. 11 sentyabr esa G‘uzordagi “Markaziy” stadionda "Mash’al" — "Sho‘rtan" bahsi bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, 21-tur doirasida 12 sentyabr kuni "Navbahor" — "Surxon", "So‘g‘diyona" — OKMK, 13 sentyabrda "Paxtakor" — "Neftchi", "Qo‘qon-1912" — "Qizilqum", 14 sentyabr kuni esa "Bunyodkor" — "Xorazm" o‘rtasidagi o‘yin bo‘lib o‘tadi. Turni 15 sentyabr kunidan o‘rin olgan "Dinamo" — "Andijon" uchrashuvi yakunlab beradi.

Eslatib o‘tamiz, ayni damda "Nasaf" 43 ochko bilan chempionatdagi birinchi o‘rnini saqlab qoldi. "Neftchi" esa 42 ochko jamg‘arib, Qarshi shahri jamoasini ta’qib etishda davom etmoqda. Shuningdek, "Dinamo" 38, OKMK 37 va "Paxtakor" 36 ochko bilan kuchli beshlikdan joy olgan.  

Umuman olganda, sentyabr oyida o‘zbek futbol muxlislari uchun bir qator muhim bahslar tashkil etiladi. Jumladan, ushbu oyda O‘zbekiston kubogining yarim final bahslari ham bo‘lib o‘tadi.  

Futbol muxlislari 25 sentyabr kuni O‘zbekiston kubogi yarim finalidan o‘rin olgan “Paxtakor” – “Dinamo” bahsiga guvoh bo‘ladilar.

Kubokdagi muvaffaqiyat nafaqat mamlakat miqyosidagi nufuz, balki xalqaro maydonga yo‘llanma uchun ham muhim. Shu bois ushbu o‘yin alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, ushbu kunda ikkinchi yarim final bahsida “Buxoro” o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ni qabul qiladi. Ikkala jamoa ham hozirgacha O‘zbekiston kubogi finalida ishtirok etmagan.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA