Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy bog‘larimiz – xalqimizning milliy boyligi
17:37 / 2025-05-26

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2025 yilga “Atrof muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nom berildi. Bu esa har bir o‘zbekistonlik fuqaroga ona tabiatni, undagi har tup daraxtu giyohni, parrandayu darrandalarni asrab- avaylash mas’uliyatini yuklaydi.

Jizzax viloyatidagi Baxmal, Zomin, Yangiobod, Sharof Rashidov, Forish tumanlaridagi baland qorli tog‘laru, soya-salqin bog‘lar yozning jaziramasi avjiga chiqqan sari xorijiy va mahalliy turistlar bilan to‘lib- toshadi.  

Bu vaqtda dam oluvchilar xavfsizligi, shuningdek, ular tomonidan bilib-bilmay tabiatga zarar yetkazib qo‘yishning oldini olish va ularning halovatlarini buzmagan holda, har bir xatti- harakatlarini nazorat qilib turishdek mas’uliyatli vazifa ham mutasaddi xizmat vakillarining zimmasida bo‘ladi.

Jumladan, viloyatdagi Zomin milliy tabiat bog‘i hududida joylashgan dam olish maskanlari sayyohlar oqimi va ekologik turizmning rivojlanshida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababdan mazkur hududlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, atrof-muhit va o‘simlik dunyosini asrash masalalari doimiy dolzarblik kasb etadi.

Shu munosabat bilan Jizzax viloyat favqulodda vaziyatlar, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmalari hamda ushbu tizimlarning tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida har bir dam olish maskani hududida yong‘inga qarshi dorilash tadbirlarini amalga oshirish, o‘simliklar va daraxtlarga texnik xizmat ko‘rsatish yuzasidan shartnomalar tuzish zarurligi ta’kidlandi.

Milliy bog‘ning yong‘in xavfsizligi va ilmiy bo‘limi mutaxassislari tomonidan dam olish maskanlarining mas’ullari bilan birgalikda keng qamrovli tushuntirish ishlari muntazam olib borilmoqda. Uchrashuvlarda yong‘in xavfining oldini olish, ochiq olovdan foydalanish tartibi, profilaktik choralar va favqulodda vaziyatlarga tayyorlik bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Mutasaddilar tomonidan rasmiy ogohlantirish xatlari ham topshirildi.

Shu o‘rinda yong‘in xavfsizligi bilan bir qatorda, turli dorivor giyohlarni payhon qilmaslik, o‘simliklarni hasharot zararkunandalari va turli kasalliklardan himoya qilish masalalari ham e’tibordan chetda qolmaganini ta’kidlab o‘tish joiz.  

Dam olish maskanlari atrofidagi o‘rmonzor va tabiiy hududlarda zararkunandalar tarqalishining oldini olish, muntazam dorilash, kuzatuv va profilaktik ishlarga e’tibor qaratish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Bu kabi chora-tadbirlar hududdagi bir necha yuz yillik archa va boshqa daraxtlar, dorivor giyoh va o‘simliklarning sog‘lom o‘sishini ta’minlash, ekologik muvozanatni saqlash hamda Zomin milliy tabiat bog‘ining tabiiy go‘zalligini asrashga xizmat qiladi.

Zomin milliy tabiat bog‘i ma’muriyati ham dam olish maskanlarining egalari va faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga hamda ushbu hududga damolish maqsadida kelgan har bir fuqaroga yong‘in xavfsizligi hamda ekologik talablarga qat’iy rioya qilishlari lozimligi haqida qayta-qayta tushunchalar berishmoqda.

[gallery-23589]

Hamkorlikda amalga oshirilayotgan bu ishlar nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki sayyohlar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.

Milliy bog‘larimiz  xalqimizning milliy boyligidir. Ularni asrab -avaylash esa har birimizning muqaddas burchimiz.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),

O‘zA muxbirlari