Andijonda «Milliy bayrog‘imiz g‘urur va iftixorimiz” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Andijon shahri markazidagi balandligi 64 metr bo‘lgan davlat bayrog‘i hilpirayotgan maydonda O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari, harbiylar, yoshlar ishtirok etdi.
Davlat madhiyasi bilan boshlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Komiljon Komilov so‘z olib, ozod va obod yurtimiz, shu aziz Vatanning har bir fuqarosi uchun mustaqillikning muqaddas ramzlaridan biri – Davlat bayrog‘i nechog‘li qadrli ekanligini ta’kidladi.
[gallery-14651]
Shuningdek, tadbirda davlatimiz bayrog‘i yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning azmu shijoatini, g‘ururini, yurtga bo‘lgan muhabbat va sadoqatini mustahkamlashga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
–Musaffo osmonimiz uzra hilpirab turgan aziz bayrog‘imiz har bir yurtdoshimiz uchun qadrlidir, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov. – Ayniqsa, bayrog‘imiz xalqaro anjumanlarda, sport musobaqalarida hilpirasa, qalblarimizda cheksiz faxr-iftixor tuyg‘usi jo‘sh uradi.
Shundan so‘ng orkestr sadolari ostida maydon uzra bayrog‘imizni baland ko‘targan harbiylar paraddan o‘tdi.
Davlat bayrog‘i qabul qilingan sana munosabati bilan viloyatdagi mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida bu kabi tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari