Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy bank iqtidorli talabalarni amaliyotga jalb etmoqda
11:20 / 2019-10-03

Toshkent davlat yuridik universitetining yuqori natijalarga erishgan talabalari o‘qishning yakuniy bosqichini bevosita amaliyotda o‘tkazishi va ularni ishga joylashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mutaxassislari ishtirokida tadbir o‘tkazildi.


Toshkent davlat yuridik universitetining yuqori natijalarga erishgan talabalari o‘qishning yakuniy bosqichini bevosita amaliyotda o‘tkazishi va ularni ishga joylashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mutaxassislari ishtirokida tadbir o‘tkazildi.

Universitet rektori Rahim Hakimov va boshqalar mamlakatimizda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, nazariy bilimlarini amaliyot va ishlab chiqarish bilan integratsiyalashtirish, mehnat bozorining yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

O‘quv davrida bitiruvchi talabalar, magistrlarga ushbu yo‘nalishda o‘tilgan fanlarni amaliyotda sinash, jumladan, tijorat banklarini ro‘yxatga olish va litsenziya berish qoidalari, banklar va ularga daxldor shaxslar bilan o‘tkaziladigan operatsiyalarga qo‘yilgan talablarga oid me’yoriy hujjatlar bilan ishlash xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki xodimlari so‘nggi yillarda bank tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berdi. Jumladan, mamlakatimiz rivojlanishida o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan mazkur bank 28 yildan buyon tizimdagi islohotlarda faol qatnashadi. Shu vaqt davomida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda bankning roli yanada oshdi. Iqtisodiyot har tomonlama rivojlanishida bazaviy infratuzilmani shakllantirish, eksport salohiyatini izchil oshirish, modernizatsiya yo‘llarini tobora yuksaltirish maqsadida investitsiyaviy siyosatni jadallik bilan yo‘lga qo‘ymoqda.

Ayni paytda bankning mamlakatimiz bo‘yicha mijozlari soni 3 million 477 mingtaga yetgan. 90 ta filial, 41 ta mini-bank, 123 ta valyuta ayirboshlash shoxobchalari aholi xizmatida. E’tiborlisi, dunyodagi 80 ta davlatdagi 669 ta bank bilan hamkorlik olib boradi.

Masofaviy xizmat ko‘rsatish uchun savdo terminallari tashkil etilgani mijozlarga qulaylik yaratmoqda. 27 ming 596 ta mobil-banking, internet-banking xizmatlari, tashqi aloqalar uchun onlayn xizmati yaratilgan.

– Bankimiz bozor iqtisodiyotining zamonaviy talablariga javob beruvchi kadrlarni tayyorlashga ham katta e’tibor bermoqda, – deydi TIF Milliy banki xodimlar bilan ishlash departamenti sektori boshlig‘i Dilshoda Safarova. – Ularning malakasini oshirish, bank ishi bo‘yicha adabiyot va qo‘llanmalar bilan ta’minlash borasida alohida dasturlar asosida ish olib boradi. Ayni paytda banklar faoliyatini rivojlantirishda yuridik kadrlarga bo‘lgan talab ortmoqda. Shu maqsadda Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda iqtidorli yoshlarni sohaga jalb qilish borasida tizimli ishlarni olib bormoqdamiz.

Tadbirda talabalar mutaxassislardan bank faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Mazkur yo‘nalishda ishlashni istagan yoshlar va bank mutaxassislari o‘rtasida amaliyot o‘tash, ishga joylashish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi.

Reklama huquqi asosida