Poytaxtimizda taniqli tarixchi-olim, professor Hamid Ziyoyevning shaxsiy arxiv hujjatlarini O‘zbekiston Milliy arxiviga topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Olimning bebaho ilmiy merosi bo‘lgan arxiv hujjatlari, o‘g‘li, senator Azamat Ziyo tomonidan topshirildi. Bundan ko‘zlangan maqsad o‘zbek xalqi tarixiga oid noyob manbalarni keng jamoatchilikka foydalanish uchun berish, hujjatlarni ommalashtirish va albatta, kelajak avlod uchun but saqlanib, yetib borishini ta’minlashdan iborat.

Hamid Ziyoyev 1923 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1946 yili Toshkent pedagogika institutining tarix fakultetini tugatgan. 1950-1963 yillari Tarix va arxeologiya instituti ilmiy xodimi, 1964-1996 yillari “XIX asr ikkinchi yarmi-XX asr boshlarida O‘zbekiston tarixi” bo‘limi boshlig‘i, 1965-1985 yillari Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 1996-2015 yillari Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi bo‘lib ishlagan.

Dolzarb mavzularda nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan. 1989 yili O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi unvonini olgan.
Hamid Ziyoyev 30 yilga yaqin vaqt ichida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Tatariston, Boshqirdistondagi 25 davlat arxivlariga shaxsan o‘zi borib, o‘n oltinchi-yigirmanchi yuz yilliklardagi Turkiston tarixiga oid noyob arxiv hujjatlarini tadqiq etgan.

Tadbirda olim tomonidan yig‘ilgan va Turkistonning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tarix mavzulari bo‘yicha jamlangan 249 ta jildli shaxsiy arxiv hujjatlari davlat saqloviga topshirildi.
Mazkur hujjatlar O‘zbekiston Milliy arxivi saqloviga qabul qilinib, tez fursat ichida tadqiqotchilarga foydalanish uchun taqdim etiladi. Bu bilan arxivga kelib ishlayotgan izlanuvchilar o‘n oltinchi-o‘n sakkizinchi yuz yilliklarda Turkistonning Rossiya bilan siyosiy, iqtisodiy va diplomatik aloqalari, Rossiya imperiyasining Turkistonni bosib olishi, o‘zbek xalqining rus davlati bosqini va hukmronligiga qarshi kurashi, milliy-ozodlik harakatlari tarixi, o‘zbek xalqining kelib chiqishiga doir hujjatlarni o‘rganish va o‘z asarlarini manbalar bilan boyitish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA