French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy armiyamiz xalqimizning tinchlikda yashash huquqini ta’minlovchi tayanchidir
22:55 / 2024-01-14

Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridan boshlab, har tomonlama yaxshi ta’minlangan, turli zamonaviy tahdidlarga munosib javob qaytarishga qodir Qurolli Kuchlarni shakllantirishga juda katta e’tibor qaratildi.

Tarixiy taraqqiyotdan ma’lumki, xalqimiz boshiga og‘ir, sinovli kunlar tushganda uning ozodligi, xavfsizligini himoya qilishga qodir mard farzandlari dushmanga qarshi mardonavor kurashgan. To‘maris, Spitamen, Muqanna, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi jasur, vatanparvar buyuk sarkardalarning nomlari va jasoratlari, qahramonliklari xalqimiz qalbida mangu yashaydi.

Mustaqil O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining tashkil etilganligi o‘zining tarixiy - huquqiy asoslariga ega. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 31 avgustda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari o‘n ikkinchi chaqiriq oltinchi sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi” to‘g‘risidagi bayonot qabul qilinib, quyidagilar o‘z aksini topgan edi: “Davlat mustaqilligini, hududiy yaxlitligini, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinligini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida Mudofaa ishlari vazirligi va Milliy gvardiya tuziladi. Respublika hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligi, SSSR Davlat xavfsizlik komiteti hamda ichki qo‘shinlar O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga olinadi”. Ta’kidlash joizki, Bayonotda ilgari surilgan maqsadlar mazkur sessiyada qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonunda huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Jumladan, 6-moddada “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuzish, Milliy gvardiya va noharbiy (muqobil) xizmatni tashkil etish huquqiga ega” deb ta’kidlandi. Bularning barchasi mustaqil O‘zbekiston Respublikasiga o‘z harbiy siyosatiga asos solish va Qurolli Kuchlarni tashkil qilishda huquqiy asos bo‘ldi. Shu bilan birga mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatning o‘zi ham Qurolli Kuchlarga asos solinishini tarixiy zarurat sifatida kun tartibiga qo‘ygan edi.

Mustaqilligimizning dastlabki yillarida milliy armiyani tashkil qilish borasida izchil islohotlar amalga oshira boshlandi. 1991 yilning 10 sentyabrida mudofaa ishlari vaziri ayni vaqtda Milliy gvardiya qo‘mondoni etib tayinlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 25 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, Mudofaa ishlari vazirligining huquqiy maqomi, tuzilishi va nizomi tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 yil 10 yanvarida "O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining harbiy qismlari va o‘quv muassasalarini O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga olish to‘g‘risida”, 1992 yil 14 yanvarda esa, “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan sobiq ittifoqqa qarashli Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklarining qismlari, birlashmalari, qo‘shilmalari, oliy o‘quv yurtlari, harbiy tuzilmalari mamlakatning qonuniy tasarrufiga o‘tkazildi. O‘zbekiston hududida joylashgan harbiy tuzilmalarning 1992 yil 14 yanvardan respublika yurisdiksiyasiga o‘tganligi inobatga olinib, 1993 yil 29 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasining “Vatan himoyachilari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuniga binoan, 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni deb e’lon qilindi.

Ta’kidlash joizki, milliy armiyani isloh qilish borasida amalga oshirib kelinayotgan chora tadbirlarda, birinchidan,  zamonaviy qurol yarog‘ va texnika vositalariga ega bo‘lgan, mahorati baland, har qanday murakkab sharoitda harakat qila oladigan armiyani shakllantirish; ikkinchidan, jahon va davlatimiz harbiy yutuqlari, ilg‘or tajribalaridan foydalanish; uchinchidan, harbiy xizmatchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashni, ularning professional tayyorgarligini yuksaltirish kabi omillarga alohida e’tibor qaratildi.

Barcha sohalarda bo‘lganidek, Qurolli Kuchlarimiz tizimida ham islohotlar bosqichma bosqich amalga oshirib kelinmoqda.

2017-2021 yillarda mamlakat mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida sohaning normativ huquqiy asoslari takomillashtirildi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi, jangovar tarkibi va shayligi kuchaytirildi. Mamlakatning mudofaa salohiyati mustahkamlandi, bunda kontrakt asosidagi harbiy xizmatchilarning ulushi 2016 yildagi 37 foizdan, 2021 yilga kelib 68 foizgacha o‘sdi, qo‘shinlarning zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan jihozlanish darajasi esa  5 barobarga oshdi.

Dunyoda ro‘y berayotgan gibrid xarakterdagi qurolli to‘qnashuvlar Qurolli Kuchlarimizning jangovar harakatlar jarayonida ilgari amalda qo‘llanilmagan qurollardan foydalanadigan kuchlarga qarshi kurasha olish qobiliyatini oshirishni taqozo etmoqda. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib  belgilandi. “Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish” deb nomlangan yettinchi ustuvor yo‘nalishda mazkur borada quyidagi maqsadlar amalga oshirilishi ko‘zda tutildi: davlatning mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini, uning imkoniyatlari va qobiliyatini kuchaytirish; harbiy shaharchalar barpo etish, ularning infratuzilmasini yaxshilash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda faol ishtirok etishni ta’minlash; harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlarning ijtimoiy muammolarini hal etish, ularni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish; Qurolli Kuchlarning barcha davlat idoralari, muassasa va korxonalar uchun yetuk kadrlar tayyorlaydigan maktabiga aylanishiga erishish; mamlakat harbiy xavfsizligini ta’minlash va mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish; Qurolli Kuchlar yagona avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini yaratish va raqamlashtirishni yanada takomillashtirish; Qurolli Kuchlarda yagona axborot- kommunikatsiya tizimini yaratish va axborot xavfsizligini ta’minlash; fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tash tartibini yanada takomillashtirish; oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni saralash va tanlab olish tizimini yanada takomillashtirish; Mudofaa vazirligi tizimida geraldika ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish; qo‘shinlarni zamonaviy qurol-aslaha, harbiy va maxsus texnika hamda jihozlar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini har tomonlama kuchaytirish, Qurolli Kuchlarda axloqiy-ruhiy ta’minotni va harbiy psixologlar institutini yanada takomillashtirish hamda harbiy xizmatchilarning jangovar ruhiyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tadbirlarini yanada kuchaytirish. Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalarida mavjud xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassislar ish faoliyati samaradorligini oshirish va boshqalar. Ushbu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, harbiy xizmatchilarga munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, haqiqiy harbiy xizmatni o‘tash uchun munosib va xavfsiz shart-sharoitlarni yaratish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga ipoteka krediti taqdim etish orqali uy-joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida mustahkamlab qo‘yilganidek, “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar”.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari o‘zining salohiyati bilan dunyo reytingida munosib o‘rin egallab kelmoqda. 2023 yil Global Firepower Indexning yangilangan reytingida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida beshinchi va dunyoning 145 mamlakati orasida 62-o‘rinni egalladi. Mutaxassislar Qurolli Kuchlarni oltmishdan ortiq parametrlar bo‘yicha baholadi. Jumladan, mudofaaga mablag‘ sarflanishi darajasi, texnik ta’minot, armiya soni, tanklar, kemalar, samolyotlar va boshqa harbiy texnikalarning miqdori, neft mahsulotlari mavjudligi, davlatning geografik xususiyatlari, ishlab chiqarish va ba’zi resurslarning iste’moli, logistik imkoniyatlar kabi mezonlar hisobga olingan.

Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim amaliy natijasi armiyadagi axloqiy-ruhiy, ma’naviy muhitning butunlay yangilanganligida namoyon bo‘lmoqda. Yangi O‘zbekiston sharoitida armiyaga va harbiy xizmatga nisbatan yondashuv va qarashlar tamomila o‘zgardi. Qurolli Kuchlar safida xizmat qilish O‘zbekiston fuqarosi uchun konstitutsiyaviy burch, shuningdek, mamlakatimizdagi eng nufuzli va sharafli kasblardan biridir. Buyuk shoir Alisher Navoiy ta’kidlaganidek,

Ayonkim, Vatan uzra to joni bor,  

Kishi harb etar toki imkoni bor.

Darhaqiqat, bu yopyg‘ olamda ona Vatanni himoya qilishdek muqaddas burchni bajarish ham farz, ham qarzdir. Buni unutishga hech kimning haqqi yo‘q!

Abira Xuseynova,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, 

Ombudsmanning Buxoro mintaqaviy vakili.

O‘zA