Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy armiya — tinchlik va taraqqiyot tayanchi
10:52 / 2025-12-25

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni arafasida Jizzax viloyati shahar va tumanlarida ma’naviy-ma’rifiy ruhdagi tadbirlar keng ko‘lamda o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlar yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish, milliy armiyamizga nisbatan faxr va hurmatni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Shunday tadbirlardan biri Mirzacho‘l tumanidagi ta’lim muassasasida bo‘lib o‘tdi. Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Avazbek Ibragimov ishtirokida tashkil etilgan uchrashuv yoshlar uchun mazmunli va ta’sirchan kechdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tashkil topish tarixi, uning mamlakat tinchligi, barqarorligi va mustaqilligini ta’minlashdagi hal qiluvchi o‘rni atroflicha yoritildi. Milliy armiya — davlat suverenitetining ishonchli kafolati ekani, uning salohiyati esa yurt taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar va qutqaruvchilarning fidokorona mehnati, jasorati hamda osoyishtalikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari yoshlar uchun haqiqiy ibrat ekani qayd etildi.  

Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga o‘qishga kirish tartibi va imkoniyatlari tushuntirildi.

Tadbir yakunida faol yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, qutqaruvchilar tomonidan maxsus texnika va asbob-anjomlar namoyish etildi, ularning amaliy qo‘llanilishi yuzasidan tushunchalar berildi.  

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri