Jizzaxda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 34 yilligi hamda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Milliy armiya — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
“Vatanparvarlik oyligi” doirasida Jizzax shahridagi 22-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda tashkil etilgan mazkur tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida uzoq yillar samarali xizmat qilgan faxriylar, yosh harbiy xizmatchilar hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etishdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, fidoyilik va harbiy xizmatga mas’uliyat ruhida tarbiyalashdan iborat bo‘ldi.

Tadbir o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar bilan boshlanib, ochiq muloqot shaklida davom etdi. Unda Vatan himoyasi muqaddas burch ekani, harbiy xizmatning sharafli maktab ekani, tinchlik va barqarorlikni saqlashda milliy armiyaning o‘rni haqida atroflicha fikr almashildi.

Uchrashuv davomida faxriylar o‘z hayot yo‘llari, xizmat davomida orttirgan tajribalari, tinchlikni saqlash yo‘lidagi mas’uliyatli vazifalar haqida so‘zlab berdilar. Ular mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan davlat siyosati, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan inson qadrini ulug‘lash tamoyili, shuningdek, davlat rahbarining Qurolli Kuchlarni har tomonlama rivojlantirish, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslari amaliy natijalar berayotganini ta’kidlashdi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda milliy armiyaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy harbiy tayyorgarlik tizimi joriy etilmoqda. Bu esa yoshlarda harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni jismonan baquvvat, ma’nan yetuk shaxs sifatida kamol toptirishga xizmat qilmoqda.
Bunday “Uch avlod uchrashuvi” kabi ma’naviy tadbirlar yoshlarda yurtga sadoqat, vatanparvarlik va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlash, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ishonchli va faol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri