English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy armiya – tinchligimiz qalqoni
12:47 / 2025-12-22

Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida joylashgan 3-gidrometallurgiya zavodida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlik” oyligi doirasida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli shoir va yozuvchilar ishtirok etdi.

Uchrashuvda “Ma’naviy hayot” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shodmonqul Salomov, jurnal bo‘lim boshlig‘i, shoir Dilmurod Do‘stbekov hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira va xonanda Dilnozaxon Azizova ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqot olib bordi. Vatan himoyasi, milliy armiyamizning jamiyat hayotidagi o‘rni, tinchlik va barqarorlikning qadri haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Qizilqum kengliklarida joylashgan Uchquduqni avval mashhur qo‘shiq orqali bilardim, – dedi shoir Dilmurod Do‘stbekov. – Bugun esa bu zaminda mehnat qilayotgan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida fidoyilik bilan ish olib borayotgan insonlar bilan yaqindan tanishdik. Ular konchilik va metallurgiya sohasida yuksak bilimga ega bo‘lish bilan birga, adabiyotga ham oshno ekanliklari bizda katta taassurot qoldirdi. Cho‘l bag‘rida obod hayot barpo etib, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan bunday insonlar bilan faxrlansak arziydi.

Tadbir davomida ijodkorlar Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli “Sharqiy” konida ham bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi hamda ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi. 

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir ishchi-xodimlar qalbida Vatanga muhabbat, milliy armiyaga hurmat va faxr tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri