Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
So‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarni isloh qilish doirasida amalga oshirilgan ishlar raqamlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, Qurolli Kuchlar qo‘shinlarida mashg‘ulotlar soni va shiddati 1,5 barobarga oshirildi, uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘linmalari hamda ular uchun ixtisoslashgan tayyorgarlik markazlari tashkil etildi. Armiyani raqamlashtirish ishlari natijasida boshqaruv samaradorligi, axborot xavfsizligi va xizmat ko‘rsatish tizimi sezilarli darajada yaxshilandi.
Mudofaa sanoati salohiyatini oshirish, milliy armiyani zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jangovar hamda ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shuningdek, davlat rahbari tashabbusi bilan harbiy ta’lim tizimi tubdan yangilanib, malakali professor-o‘qituvchi va instruktorlar faoliyat yuritadigan Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.
Yig‘ilishda harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 1 apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmat uchun beriladigan ustama miqdori 2 barobarga oshirilishi belgilandi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi. Hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan harbiy bo‘lmagan xodimlar maoshi joriy yilda 20 foizga, kelgusi yilda esa yana 50 foizga oshiriladi.
Shu bilan birga, Qurolli Kuchlar safida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdor 75 foizdan 100 foizga yetkazilishi belgilandi. Harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi ko‘lami kengaytirilib, bu yo‘nalishda aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Umuman olganda, qabul qilingan qarorlar harbiy xizmat nufuzini oshirish, milliy armiyamiz jangovar shayligini mustahkamlash, Vatan himoyachilarining ijtimoiy kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimiz xavfsizligi va tinch-osoyishtaligining ishonchli kafolatidir.
N.Rahmonova,
O‘zA