Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy armiya — ona yurt qalqoni
21:17 / 2026-01-14

Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosib nishonlandi. Viloyat markazidagi “Xotira xiyoboni” davlat va jamoat tashkilotlar vakillari, viloyat faollari, huquqni muhofaza qilish organlari, harbiy xizmatchilar, nuroniylar, baynalmilal jangchi faxriylar va yoshlar jam bo‘ldilar.

Yurish namoyishida Davlat xavfsizlik xizmati, chegara qo‘shinlari, mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, bojxona, milliy gvardiya boshqarmalari harbiy xizmatchilari saf tortdi. Davlatimiz madhiyasi yangradi.

Harbiy orkestr sadolari ostida “Motamsaro ona” haykali poyiga Namangan viloyati hokimligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, korxona va muassasalar, mahallalar, fuqarolar tomonidan gullar qo‘yildi.  

Viloyat musiqali drama teatrida o‘tkazilgan tantanali bayram tadbirida Namangan viloyat hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori boshlig‘i Shavkat Abdurazzoqov yig‘ilganlarni Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida milliy armiyamiz tezkor va ixcham, har qanday tahdidlarga munosib javob qaytara oladigan jangovar kuch sifatida shakllanganligini ta’kidladi. Darhaqiqat, xalqimiz o‘zining botir va dovyurak farzandlari – Vatanimizning haqiqiy posbonlari bilan haqli ravishda faxrlanadi.  

[gallery-27131]

Keyingi yillarda Qurolli Kuchlarning boshqaruv va ta’minot tizimi takomillashtirilib, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida modernizatsiya qilinmoqda, qo‘shinlarimizning jangovar saflari yangicha ta’lim va tarbiya olgan malakali ofitser va serjantlar bilan to‘ldirilmoqda.  

Shaxsiy tarkibning tayyorgarlik darajasi, harbiy xizmatchilarning kasbiy, intellektual va ma’naviy salohiyati izchil yuksaltirib borilmoqda. Armiyamiz zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda.

Yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqishni oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalq bilan armiya o‘rtasidagi mustahkam birlik va jipslikni yanada kuchaytirishga qaratilgan samarali ishlarimiz qat’iy davom ettirilmoqda.

Bayram tadbirida, mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, sarhadlarimiz va davlat xavfsizligini qo‘riqlash, fuqarolarni tinch va osuda hayotini ta’minlash, jamoat tartibini saqlashdagi fidoyiligi uchun harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhi Namangan viloyati hokimining faxriy yorliqlari, qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Hozirgi davrda Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilish – har bir inson uchun sharafli burchga aylandi. Binobarin, armiya saflarida xizmat qilish yigit-qizlar uchun chinakam ibrat maktabidir, – deydi Pop tumanida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism serjanti Bekzod Abduraupov. – Bolaligimdan harbiylikka qiziqishim va amakimni mudofaa tizimida mehnat qilganlari orzularim ro‘’yobi sari yetakladi. Bundan o‘n bir yil avval, Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidan Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahriga kelib, yigitlik burchimni ado etganman. Keyinchalik shartnoma asosida harbiylik faoliyatimni boshladim. Harbiylik – sadoqat, hushyorlik, fidoyilikni taqozo qiladi. Bu muhim jihatlarni o‘zimda mujassam etishga astoydil intilmoqdaman. Bugun menga ko‘rsatilgan e’tibor o‘z ishimga bo‘lgan mas’uliyatni ikki hissa oshiradi.

Tantanali tadbirda taniqli Namangan gornizoni harbiy orkestri, viloyat san’at ustalari va yosh xonandalar ijrosida Vatanimizni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlardan iborat konsert dasturi namoyish etildi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.