Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Milliy armiya — ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida qayd etilganidek, bugungi kunda milliy armiya xalqning tinch va osuda hayotini ta’minlash, mamlakatning barqaror taraqqiyotini himoya qilish yo‘lida ishonchli qalqon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni rahbarligida harbiy sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar xususida atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Sohadagi islohotlar milliy armiyani zamonaviy ko‘rinishda, harakatchan va professional tuzilma sifatida shakllantirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, harbiy sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash yo‘nalishidagi sa’y-harakatlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, mudofaa va xavfsizlik sohasida qonunchilik bazasini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish maqsadida milliy xavfsizlikni ta’minlash, mudofaa qobiliyatini oshirish, harbiy xizmatni tashkil etish, harbiy xizmatchilarning huquqlari va ijtimoiy kafolatlarini kuchaytirish, favqulodda vaziyatlarda davlat organlari faoliyatini huquqiy jihatdan muvofiqlashtirishga qaratilgan qator qonunlar qabul qilindi.

Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan parlament nazoratini kuchaytirish, amaldagi qonun normalarining ijrosini ta’minlash va ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar harbiy sohadagi islohotlarning uzviy davomi sifatida e’tirof etildi.
Tadbir ishtirokchilari harbiy xizmatchilarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish, shuningdek, harbiy ta’lim yo‘nalishidagi amaliy ishlarga alohida e’tibor qaratdi.
Mamlakatimiz tinchligi va barqaror taraqqiyotini mustahkamlashga xizmat qilayotgan Qurolli Kuchlar faoliyati e’tirof etilib, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish hamda parlament nazorati masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA