Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 26-umumta’lim maktabida “Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati Kengashi tomonidan, viloyat harbiy prokuraturasi, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Vatanparvar” tashkiloti bilan hamkorlikda harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.
Mazkur tadbir yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy armiyaga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Vatanparvar” tashkilotining texnik vositlari hamda harbiy xizmatchilar ishtirokida Vatanparvarlik karvoni o‘tkazildi. Shundan so‘ng “Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” mavzusida o‘quvchi yoshlar, “Vatan tayanchi” otryad a’zolari ishtirokida mahorat darsi o‘tkazildi.

So‘zga chiqqanlar yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashda milliy armiyamizning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlab, yoshlarni ona yurt himoyachisi bo‘lishga munosib avlod sifatida tarbiyalash muhimligini qayd etdi.

Dasturi davomida harbiylar ishtirokida ko‘rgazmali qo‘l jangi chiqishlar tashkil etildi. Unda qurol-aslahalar va harbiy texnikalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bu esa o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur harbiy-vatanparvarlik festivali o‘quvchilarning Vatanga bo‘lgan muhabbati, milliy armiyaga nisbatan faxr va iftixor tuyg‘ularini yanada oshirib, ularning kelajakdagi ezgu maqsadlariga mustahkam ruhiy asos bo‘lib xizmat qildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.