Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!
09:58 / 2026-01-14

Taraqqiyotning eng asosiy mezoni bu shubhasiz tinchlikdir. Vatan tinchligi, yurt omonligi orqali xalq farovon, mamlakat esa qudratli bo‘ladi. Zero, "Ona yurting omon bo‘lsa, rangu ro‘ying somon bo‘lmas" deb bejiz aytmagan dono xalqimiz. Tinchligimiz posbonlari bo‘lmish harbiylarga har qancha ehtirom ko‘rsatsak, kam.

Shuning uchun ham ayni vaqtda ularning sharafli va mashaqqatli kasb bayrami mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. Bu orqali ularni e’zozlab, yoshlarning ongiga vatanparvarlik g‘oyalarini singdirishga erishilmoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy parad va bayram tadbiri tashkil etildi.

Ushbu tadbirni oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov hamda vazir o‘rinbosari O‘ktam Salomovlar tantanali tarzda ochib berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari hamda Toshkent shahridagi OTMlarning «Qalqon» guruhi a’zolari ishtirokidagi harbiy parad Beruniy metrosidan boshlanib, universitet ko‘chasi orqali O‘zbekiston Milliy universitetigacha davom etdi.  

Shuningdek, harbiy parad harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasiga ulanib ketdi. Kursantlar ishtirokida qo‘l jangi va qurol bilan jangovar chiqishlar esa yig‘ilganlarga olam-olam zavq ulashish bilan birga, Vatanga muhabbat hamda faxr tuyg‘usini oshirdi.

Bu kabi bayram tadbirlari Vatan himoyachilarining jasorati va fidoyiligini ulug‘lash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va harbiy burchga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Sherbek Islomov,

O‘zA