Navoiy viloyati Uchquduq tumani Madaniyat uyida Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
“Milliy armiya – ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda harbiy xizmatchilar, soha faxriylari, jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqanlar Vatan himoyachilari va soha xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy tabriklab, harbiy xizmatchilarning mamlakat xavfsizligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi fidokorona xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi va mamlakat barqarorligi har qanday davlat taraqqiyotining eng muhim omilidir. Bu ulug‘ vazifani sidqidildan ado etib kelayotgan Vatan himoyachilariga bo‘lgan hurmat va e’tibor yurtimizda hamisha yuksak baholangan. Shu bois har yili 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni keng ko‘lamda nishonlanadi.

Tantanali marosim davomida tumandagi harbiy qism komandiri, podpolkovnik Sobirjon Sidiqov tomonidan Vatan himoyasi yo‘lida mard va sadoqatli farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan ko‘plab ota-onalarga tashakkurnomalar topshirildi. Bu esa ota-onalarning farzand tarbiyasidagi ulkan mas’uliyati va jamiyat oldidagi xizmatlariga bo‘lgan yuksak e’tiborning ifodasi bo‘ldi.
Shuningdek, bayram doirasida sohada uzoq yillar davomida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan faxriylar va tajribali mutaxassislarga ham alohida e’tibor qaratildi. Ular ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar, tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Bayram tadbiri yakunida tumandagi harbiy qism hamda mudofaa ishlari bo‘limiga hokimlikning tashakkurnomalari va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Mazkur tantanali tadbir Vatan himoyachilariga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tibor, shuningdek, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, fidoyilik va jasorat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri