O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda yurtimizning osoyishtaligi, tinchligi va xalq xavfsizligini ta’minlaydigan askar va zobitlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ota-onalariga hurmat va e’tirof bildirish maqsadida Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qismda tadbir o‘tkazildi.
“Askar onalarni sharaflaymiz” shiori ostida tashkil etilgan onlayn telemuloqotda Vatan himoyasi yo‘lida xizmat burchini ado etayotgan mard va jasur askarlar, ularning ota-onalari hamda yaqinlari ishtirok etishdi. Mazkur uchrashuv nafaqat askarlarning ma’naviy barqarorligini mustahkamlash, balki ota-onalar bilan yaqin aloqalarni kuchaytirish, xizmat va oila qadriyatlari o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlashga ham xizmat qildi.

Tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligida xotin-qizlar va harbiy xizmatchilar oilalari bilan ishlash bo‘yicha mutaxassis, Sirdaryo tumani hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik Kengashining hududiy bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.

Telemuloqot davomida xizmatda yuzaga kelayotgan har xil holatlar, qiyinchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi. Shuningdek, ota-onalarning farzandlariga bo‘lgan ishonchi, duosi va yordami askarlarning xizmatga sadoqatini mustahkamlaydigan muhim omil ekani alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Vatan himoyachilarini voyaga yetkazgan, ularni jasorat va sadoqat ruhida tarbiyalagan ota-onalarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bunday e’tirof va e’tibor har bir ota-onaning mehr va fidokorligini mustahkamlash bilan birga, milliy armiyaning ruhiy va ma’naviy quvvatini ham yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA