Buxoro viloyati Jondor tumani Mudofaa ishlari bo‘limi hamda tumandagi Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Milliy armiya – ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi o‘quvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sportning texnik va amaliy turlariga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ommalashtirish, shuningdek, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining faoliyati hamda unda mavjud sport to‘garaklari bilan yaqindan tanishtirishdan iboratdir.


Tadbir doirasida pnevmatik quroldan o‘q otish hamda jamoaviy sport turlaridan arqon tortish musobaqalari o‘tkazildi. Musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat, jamoaviylik va intizomni mustahkamlashga xizmat qildi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra g‘olib bo‘lgan maktab jamoalari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.