14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganligining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qismda “Milliy armiya – ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi, Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, mahalliy davlat hokimiyati va jamoat tashkilotlari vakillari, ta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlari, “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari, shuningdek, faxriy harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

“Ochiq eshiklar kuni” doirasida ishtirokchilar harbiy qismning kundalik xizmat faoliyati, shaxsiy tarkibning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligi, harbiy xizmatni o‘tash shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Harbiy xizmatchilar tomonidan amaliy mashg‘ulotlar va ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Tadbir davomida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatan himoyachisi bo‘lishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, shuningdek, milliy armiyamiz salohiyati va nufuzini yanada yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.