FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy bo‘linmalar ishtirokida tantanali piyoda yurish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirida harbiy xizmatchilarning safdagi chiqishlari, ularning jipsligi va yuksak intizomi namoyish etildi. Harbiy orkestr ijrosida yangragan vatanparvarlik kuy-qo‘shiqlari esa tadbirga alohida bayramona ruh bag‘ishlab, tomoshabinlarda faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
So‘ng Farg‘ona davlat universiteti stadionida harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda Qurolli Kuchlar ixtiyoridagi zamonaviy texnikalar, maxsus vositalar hamda mudofaa salohiyatini aks ettiruvchi jihozlar namoyish etildi. Ko‘rgazma qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otib, milliy armiyamizning salohiyati va qudratini yaqqol namoyon etdi. Tadbir doirasida shuningdek, harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan sahnalashtirilgan chiqishlar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Ushbu chiqishlarda harbiylarning jangovar tayyorgarligi, jismoniy mahorati va Vatanga sadoqati o‘z ifodasini topdi.
[gallery-27112]
Mazkur bayram tadbiri, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, milliy armiyamizga bo‘lgan hurmat va ishonchni yanada oshirish, tinchlik va barqarorlik ne’matining qadrini anglashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA