French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy adabiyotimizning barhayot chinori
17:35 / 2025-10-13

O‘zbekiston yosh tomoshabinlar teatrida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Oybek hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Barhayot chinor” nomli spektaklning maxsus namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Atoqli adibning murakkab hayoti haqida hikoya qiluvchi ushbu spektakl tomoshabinni Oybekning goh “Bolalik” asarining beg‘ubor sahifalari sari yetaklasa, gohi Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening: Xotiralar” asarining iztirobli sahifalaridan so‘zlaydi. Ayni damda spektakl jarayonida ustoz ijodkor Naim Karimovning “Oybek va Zarifa” nomli risolasi ham tomoshabin ko‘z o‘ngida gavdalanishi tabiiy. 

Sahna asari Oybekning matonatli, sabr va qanoatli ijodkor ekanini yorqin va ta’sirchan lavhalar orqali ko‘rsatishi bilan birga ahamiyatli. Shu bilan birga, hatto adibning o‘ziga xiyonat qilgan, boshiga ming balolarni solgan kimsalarni ham bag‘rikenglik bilan kechirib yuborgani, Oybek domlaning nechog‘li daryodil, saxovatli inson bo‘lganini tomoshabinga hayotiy lavhalar yordamida ko‘rsatib beradi. Ayni paytda spektakl davomida adibning har bir romani qanday g‘oyaviy, mafkuraviy qiyinchiliklar, sinovlar evaziga kelganiga tomoshabinning o‘zi guvoh bo‘ladi. 

– Bu spektakl milliy adabiyotimiz qanday barhayot chinorlarga tayanishini tomoshabinlarga ko‘rsatishi bilan ahamiyatlidir, – dedi spektakl adabiy emakdoshi Doston Rahmatullayev. – Negaki, bilim, ezgu maqsadlar, ma’rifat sari intilishda ustoz Oybek yosh avlod uchun chin ma’noda ibrat maktabidir. 

Tomoshabin ba’zan ko‘z yoshlari, ba’zan qarsaklar bilan kutib olgan ushbu spektakl Oybekning taraqqiyparvar, ma’rifatparvar ijodkor sifatidagi qirralarini ochib bergani bilan ahamiyatlidir. 

Spektakl rejissyor Shuhrat Ibragimov tomonidan sahnalashtirilgan. Liboslar o‘yicha rassom – Yevgeniya Biserova, bastakor – Bahodir Zokirov. Xoreograf – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Malika Iskandarova. 

Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek siymosini Barot Hasanov, Musulmon Yunusov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Bahodir Nishonov gavdalantirgan. Zarifa rolini O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Farida Umarova, Dilnavoz Ahmedova ijro etgan. Spektaklda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Abduma’ruf Qodirov, Hakima Otaxonova, aktyorlar Nargiza Raimova, Rahmatilla Qurbonov, Sherzod Bozorov va boshqa ijrochilar ishtirok etgan. 

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri