Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millionli shaharning boshqaruvi takomillashadi
09:50 / 2022-12-21

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida mamlakatimizni 2023 yilda har tomonlama rivojlantirish, islohotlarni chuqurlashtirish va eng muhimi, xalqimiz farovonligini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Kelgusi yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nomlandi.

Albatta, Prezidentimizning har bir yo‘nalish bo‘yicha ilgari surgan tashabbus va takliflari bugungi shiddatkor davr va jahonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalardan kelib chiqqani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Yana bir e’tiborli tomoni, bu tashabbuslar ayni paytda takomillashtirilayotgan Konstitutsiyada ham aks etishi zarurligi qayd etildi.  

Murojaatnomada Samarqand shahriga alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida respublikaga bo‘ysunadigan hudud maqomi berilishi qayd etildi.

Aslida, davlatimiz rahbari keyingi yillarda viloyatimizga har bir tashrifi chog‘ida, shuningdek, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va Samarqandning bosh rejasini ishlab chiqish jarayonlarida bu g‘oyani ilgari surmoqda. Samarqandni bir millionli shaharga aylantirish va bu yerda beshta tuman tashkil etish bo‘yicha harakatlar boshlangan. Shahar hududi atrofdagi tumanlar hisobiga kengayib, aholi soni ham bir millionga yaqinlashmoqda.  

Samarqandga alohida ma’muriy-hududiy birlik maqomi berilishi avvalo, uning dunyodagi yirik turistik markazlardan biri sifatidagi nufuzi va shuhratini oshirishga yordam beradi. Sababi keyingi yillarda Samarqand yirik xalqaro forum va tadbirlar o‘tkaziladigan shaharga aylanmoqda. Deyarli har hafta nufuzli anjumanlarga mezbonlik qilyapti. Birgina yakuniga yetayotgan yilda davlat va hukumat rahbarlari ishtirokidagi o‘nga yaqin xalqaro forum o‘tkazildi. Kelgusi yilda yigirmadan ortiq shu kabi nufuzli tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.  

Shuningdek, shaharda tumanlarning tashkil etilishi yil sayin kengayayotgan hududni samarali boshqarish, ko‘payib borayotgan shahar aholisi va sayyohlarga munosib sharoit yaratishga imkoniyat yaratadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda Samarqandga 4,2 million mahalliy, 1,2 milliondan ortiq xorijiy turist kelgan. Kuniga shaharga 11-12 ming nafar sayyoh keladi. Bu shahar iqtisodiyoti uchun juda katta daromad degani. Lekin, buning uchun ularga sifatli va xalqaro talablarga mos xizmat ko‘rsatish kerak. Bunda bugungi kun talablariga javob beradigan boshqaruv, yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan dasturlar ishlab chiqish va amalga oshirish juda muhim.

Shahar respublika bo‘ysunuviga o‘tkazilsa, Samarqand viloyati hokimligi zimmasidagi majburiyat va vazifalar ham ancha yengillashadi. Sir emas, hozir shaharni boshqarish, hudud infratuzilmasini yaxshilash va yana boshqa ko‘p masalalarda viloyat hokimligi zimmasiga katta mas’uliyat mavjud. Shahar alohida ma’muriy-hududiy birlik bo‘lsa, viloyatning bu imkoniyat va salohiyati boshqa tuman va shaharlarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Pirovardida bu viloyat aholisining turmush darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘ktam Saidmurodov,  

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.

O‘zA