Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millionlab qalblarni zabt etgan manzil
17:27 / 2023-07-07

Inson tug‘ilibdiki, hayoti bevosita san’atga bog‘lanadi. Chunki qo‘shiq eshitmaydigan, kino ko‘rmaydigan, spektakllardan ta’sirlanmaydigan odam yo‘q bo‘lsa kerak. San’at, adabiyot hayotimizning ajralmas bo‘lagi. Adabiyot orqali ko‘plab insoniy fazilatlarni, tuyg‘ularni o‘zimizda shakllantiramiz. Qo‘shiqlar tufayli har narsaga siqilaveradigan yuragimizni taskin toptiramiz.

Teatrlar orqali esa atrofimizdagi insonlarni ham tushunishni, hayot qiyinchiliklariga bardoshli bo‘lishni o‘rganamiz, shuningdek, dunyoviy tashvishlar har bir insonning boshida borligini, qiyinchiliklarni yengib o‘tish uchun nimalar qilishimiz kerakligini anglab olamiz.  

Avvallari, ya’ni televideniye, internet rivojlanmagan davrda insonlarning ko‘ngliga shodlik ulashuvchi faqat teatrlar bo‘lgan. Yosh-u qari barcha birdek tomosha qilar edi. Masalan, Isajon Sultonning “Ma’suma” romanida teatrning insonlar hayotidagi o‘rni qanchalar yuqori bo‘lganini ko‘rishingiz mumkin. Ushbu asarni mutolaa qilganimdan buyon menda har bir teatrga borib ko‘rish istagi paydo bo‘lgan va ko‘plab spektakllarni tomosha qilish barobarida ularni bir-biriga qiyoslab ham ko‘ryapman.  

Bu safar ko‘ngil “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasi tomon yo‘l oldi. “Arshin-mal-alan” spektaklini maroq bilan tomosha qildim. Ko‘nglimni g‘ash qilayotgan turli xil muammolar tark etgandek bo‘ldi. Ayniqsa, bu teatrning boshqalaridan ajralib turadigan tarafi uning bepul ekanligida. Siz-u bizdek talabalar katta shaharda vaqtimizni unumli o‘tkazishimiz uchun yana bir ajoyib maskan.  

“Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasi 2009 yilda O‘zbekiston san’at  arbobi, xalq artisti Bahodir Yo‘ldashev tomonidan tashkil etilgan. Bahodir Yo‘ldoshev 27 yoshida O‘zbek Milliy akademik drama teatri bosh rejissyori va badiiy rahbari bo‘lgan. 1983 yili Abdulla Qahhor nomidagi Respublika Satira teatriga ham asos solgan. 100 dan ortiq spektakllarni sahnalashtirgan, 20 ga yaqin kinofilmlarda suratga tushgan, xalqaro anjumanlarda rejissyorlik qilgan Bahodir Yo‘ldashev tufayli bugun ham “Diydor” teatri insonlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashish bilan mashg‘ul. Yoshlarning mehribon va talabchan ustozi 2021 yil 16 mayda 76 yoshida yorug‘ dunyoni tark etdi. Lekin undan teatr, ajoyib spektakllar va ijodini davom ettiradigan shogirdlar qoldi.  

“Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasining bepul ekanligi uning afzalliklaridan biridir. Mana necha yildirki, tomoshabinlarini yo‘qotmay, qiziqarli spektakllar bilan insonlar qalbini zabt etib keladi.  

Teatr sahnalarida bir necha yillardan beri tushmay, ijro etib kelinadigan “Arshin mal-alan” operetta librettosini Ozarbayjon bastakori Uzeyir Gadjibekov 1913 yilda Peterburgda yozadi. 1913 yil 25 oktyabrda Bokudagi Hoji Zeynalabdin nomidagi teatrda “Arshin mal-alan” premerasi bo‘lib o‘tdi. U avval 2 tilda: ozarbayjon va rus tillarida chiqarilardi. Hozirgacha Ozarbayjon milliy kinosining eng muvaffaqiyatli filmlaridan biri hisoblangan “Arshin mal-alan” 136 mamlakatda namoyish etilib, 86 tilga tarjima qilingan.  

Bahodir Yo‘ldoshevning xotirasiga bag‘ishlab, “Diydor” teatr-studiyasida ushbu romantik-komediyali musiqiy spektakl namoyish etildi. Aktyorlarning mahoratiga, rang-barang liboslar-u, dekoratsiya va musiqalarga qoyil qolmay ilojingiz yo‘q. Insonni o‘ziga maftun etadi. Komediya baxtli yakun topadi. Musiqalarning o‘ziyoq insonga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etadi.  

Spektaklni tomosha qilish jarayonida ming xayollar boshimdan o‘tdi. Bunday ajoyib ko‘ngilochar spektakl nega bepul? Boshqa teatrlarni ham shunday qilsa bo‘lmaydimi? San’atga, adabiyotga oshno insonlar yanada ko‘payar edi. Bunday odamlardan esa yomonlik chiqmaydi.  

Ushbu teatr haqida ma’lumot olish uchun u yerdagi ishchi xodimlar va aktrisalarga yuzlandim:  

Ruslan Haydarov, “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasi xodimi:  

– Men bu dargohda 2009 yildan beri faoliyat olib boraman. Ustozim Bahodir Yo‘ldashev menga har taraflama saboq berdilar. Bu maskan menga hayotiy maktab vazifasini o‘tadi.  San’atga bo‘lgan muhabbatim yanada oshgan, insonlarning kechinmalarini anglay boshlaganman, yuzlariga oz bo‘lsa-da tabassum yurgizish uchun bor kuchimni sarflab, rol ijro etishni o‘rganganman. Tajriba orttirdim, muhimi o‘z kasbimni sevib, maroq bilan ishlayman.  

Bilasiz, teatrimiz bepul spektakl qo‘yadigan yagona teatr. Mana necha yildirki, o‘z faoliyatini olib bormoqda. Ko‘pchilik nega bepul degan savol bilan murojaat qilishadi. Negaki, ustoz Bahodir Yo‘ldoshev: “San’at pulga sotilmaydi, qalblarga muhrlanadi”– derdilar. Jamoamiz a’zolari asosan talabalardan tashkil topgan. San’atga oshno qalblarni, iqtidori, mahorati borlarni jamlaganmiz. “Aktyor va aktrisalarimiz talabalar bo‘lganligi uchun ham hozirdan san’atini pullashni o‘rganmasin, iqtidorini namoyon qilsin va bundan o‘zi ham maroq olsin, insonlarni ham dilini xushnud etsin”–  der edilar.    

Bundan tashqari, auditoriyamizning ko‘pchiligi talabalardir. Biz ham talaba bo‘lganmiz, u vaqtlari yeb-ichish, kiyim-kechakdan orttirib teatrlarga borolmasdik. Shuning uchun ham talabalar, o‘quvchilar ham kelsin, nimanidir o‘rgansin, atrofga go‘zal nigoh bilan boqsin! Keyingi safar kursdoshlari bilan kelsin. Bizning maqsadimiz xalqqa, odamlar ko‘ngliga yo‘l topish, yomon narsalardan qaytarish, oyna qilib ko‘rsatishdir. Har xil ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rayotgan narsalariga ko‘zi o‘rganmasligiga, insoniy fazilatlarni unutmasligiga undashdir.  

Yaqin kunlardan beri bilet olishni yo‘lga qo‘ydik. Bu to‘lov emas faqat tartibni saqlash uchun bu usulni qo‘llayapmiz. Biz tomoshabinlarning soniga qarab joy tashkillashtiramiz. Chunki o‘rindiqlar bo‘sh tursa, bu aktyorga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Men yaxshi rol ijro etolmayapman, deb o‘ylab, o‘ziga bo‘lgan ishonchi tushib ketadi. Biz aktyorlarimizni tushkunlikka tushib qolishini xohlamaymiz, shuning uchun bilet tashkil qildik. Endi “Diydor” teatri ham to‘lovlik bo‘lar ekan, deb o‘ylamasliklari uchun iloji boricha hammaga tushuntirish berib o‘tayapmiz.  

Sevinch Dalboyeva, O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti talabasi, “Diydor” teatr-studiyasi aktrisasi:  

– Men 2017 yildan, ya’ni 16 yoshimdan beri shu yerdaman. Birinchi bu teatr haqida eshitganimdayoq qiziqib qolganman va kelishni boshlaganman. Ustoz rad etmay o‘z shogirdlari safiga olganlar. Ikki yil o‘qidim va 2019 yili ishga kirdim. Har bir darsdan keyin kelish ishtiyoqi, ichimdagi san’atga bo‘lgan muhabbat ortib boraverardi. Ota-onam avvaliga judayam qattiq qarshilik qilishgan. Aslida ular san’atdan yiroq odam emaslar. Lekin o‘zbekchilik, qiz bolasan, odamlar nima deydi, degan gaplarni aytib bu yerga kelishimga ruxsat berishmagandi. Hatto endi bormayapman deb ham yashirincha darslarga qatnashib yurardim.  

Rahmatli ustozim, “Arshin mal-alan” operettosidagi Telli rolini ijro etishimni xohlaganlar. U vaqt men 18 yosh edim. Birinchi o‘ynagan rolim shu  bo‘lgan. Ota-onam teatrda nima bor, iqtidoring yo‘q, ovozing chiroyli bo‘lmasa deb dakki beraverganliklari sababli ularni “Arshin mal-alan” spektakliga taklif etganman. Men qanday rol ijro eta olishimni o‘sha vaqt ko‘rishgan. Shundan buyon o‘zlari teatrga yuboradigan bo‘lishgan.  

Muhimi harakatdan to‘xtamaslik kerak. Men har bir ijro etayotgan rolimdan yaxshi xislatlarni o‘zlashtirishga, yomonlaridan esa qochishga harakat qilaman. San’at, teatr hayotimning mazmuniga aylangan.  

Xulosa o‘rnida aytish joiz, kitoblar fikrlashimizni, spektakllar esa dunyoqarashimizni o‘stiradi. Vatanimizga har taraflama munosib farzand bo‘lish esa bizning burchimizdir.  

Gulshanoy ALIJONOVA, 

O‘zJOKU talabasi

O‘zA