Gap juda katta orzu-umidlar bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi haqida bormoqda.
Sir emas, keyingi yillarda butun dunyoda global iqlim o‘zgarishlari kuzatilmoqda. Yer yuzida havo harorati har yili ko‘tarilib bormoqda, muzliklar eriyapti, suv toshqinlari kuzatilmoqda. Shu bilan birga sayyoramizning katta hududi suvsizlanib, cho‘llanib bormoqda. Bir paytlar faqat cho‘llarda sodir bo‘lgan chang-to‘zonlar bugun shaharlarda ham tez-tez takrorlanmoqda.

Tabiatdagi bunday salbiy o‘zgarishlar, afsuski, Markaziy Osiyo mintaqasida yaqqol sezilmoqda. Yog‘ingarchilikning yildan yilga kamayib borayotgani, suv tanqisligi, qum bo‘ronlari va Orol tubidan ko‘tarilayotgan tuz butun mintaqa xalqlarining atrof-muhitni asrashga bo‘lgan yondashuvlarini kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Ana shunday murakkab ekologik vaziyatda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bir necha yildan buyon yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda. Har yili bahor va kuz fasllarida ommaviy ko‘chat ekish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Yangi bog‘lar, yashil belbog‘lar tashkil etilmoqda. Million-million tup ko‘chat ekish bo‘yicha rejalar belgilanib, bu ishlar bajarilgani haqida hisobotlar berilyapti.

Birgina Samarqand viloyatida “Yashil makon” harakati doirasida bu yil 16 million 333 ming tup daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bahorgi mavsumda 10 million 208 ming tup ko‘chat ekilgan. Endilikda kuzgi ko‘chat ekish tadbirlarida 6 million tup nihol o‘tqazish ko‘zda tutilgan. E’tiborlisi, o‘rmon va ko‘chatchilik xo‘jaliklarida shuncha miqdordagi ko‘chat mavjud, ularni qayerga ekish bo‘yicha ham manzilli dastur ishlab chiqilgan. Viloyatdagi 10 ta o‘rmon xo‘jaligi va xususiy sektorlar tomonidan shu yilning o‘zida 23,5 million tup ko‘chat zaxirasi yaratilgan.
Bir qaraganda hammasi risoladagidek. Agar shu million-million tup ko‘chatlar to‘g‘ri parvarishlansa, o‘sib-unsa, shahar va qishloqlarimiz, yurtimiz qiyofasi butunlay o‘zgacha bo‘lishi, yashillik darajasi oshishi tabiiy. Ammo rejalar, qog‘ozdagi raqamlar hamma vaqt ham real hayotda bor bo‘y basti bilan ko‘rinmayapti-da.

– Bugungi kunda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan har bir tup daraxt ko‘chati haqida ma’lumot elektron tizimga kiritilmoqda, – deydi Samarqand viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Suhrob Ahmedjonov. – Bu ko‘chatlarning sug‘orish tizimi bo‘lishi, parvarishiga mas’ullar ham qat’iy nazoratga olingan. Loyiha doirasida ishlarni sifatli amalga oshirish, joylarda ekilgan manzarali, mevali va butasimon daraxtlarni parvarishlash, agrotexnik tadbirlarini o‘z vaqtida bajarish yuzasidan inspektorlarimiz va tegishli mutaxassislar tomonidan korxona va tashkilotlar, davlat muassasalari xodimlari o‘rtasida muntazam tushuntirish ishlari olib boriladi. Shunga qaramay, ba’zida rahbarlarning e’tiborsizligi va belgilangan xodimlarda mas’uliyat yetishmasligi kuzatilmoqda. Aynan shunday holatlar sababli loyiha doirasida ekilgan ko‘chatlarning parvarish qilinmagani va qurib qolgani uchun yil boshidan buyon viloyat bo‘yicha 211 ta yuridik shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 4-qismiga binoan jami 807 million 580 ming so‘m jarima qo‘llanildi.
Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on tumanida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan olib borilgan kuzatuv- nazorat tadbirlari davomida hududdagi 10 ta korxona va tashkilot hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan daraxt ko‘chatlari parvarish qilinmagani va sug‘orilmagani oqibatida qurib qolgani aniqlandi. Natijada bu tashkilotlar mas’ullari 41 million 200 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima to‘lashga majbur bo‘ldi.
Xuddi shunday holat Narpay tumanida ham kuzatildi. Tuman yo‘llardan foydalanish korxonasiga biriktirilgan hududda 2024 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan terak ko‘chatlari e’tiborsizlik natijasida suvsizlikdan qurib qolgan. Buning uchun korxona mas’uli B.I.ga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida jarima belgilangan. Shu bilan birga tabiatga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanib, tegishli hujjatlar qonuniy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
Paxtachi tumanida davlat inspektorlari tomonidan olib borilgan kuzatuv- nazorat tadbirlarida ham bir qator tashkilotlarda loyiha doirasida ekilgan daraxt ko‘chatlari qurib qolgani aniqlandi. Jumladan, Oqtepa oilaviy shifokorlik punkti hududida ekilgan bir necha tup mevali va manzarali daraxtlar parvarishiga e’tiborsizlik oqibatida kasallanib qurib qolgan. Mazkur holat yuzasidan ham mazkur muassasa mutasaddisiga 4 million 120 ming miqdorda jarima belgilandi.

Bugungi kunda respublikamizda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga qarshi moratoriy joriy etilgan. Bunday toifadagi daraxtlarni tegishli organlarning xulosasi va ruxsatisiz kesish qat’iyan man etilgan. Afsuski, bu borada ham keng ko‘lamli tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilishiga qaramay, noqonuniy ravishda daraxt kesish holatlari uchramoqda.
Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon viloyatda jismoniy shaxslar tomonidan 174 ta shunday huquqbuzarlik holati sodir etilgan. Mazkur holatlar bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismiga binoan jami 1 milliard 706 ming so‘m jarima qo‘llanilgan. Shuningdek, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun 594 million 357 ming so‘m hisoblangan.
Misol uchun, Paxtachi tuman Qirguli mahallasi hududida fuqaro Ye.J o‘sib turgan 5 tup tut daraxtini hech qanday ruxsatsiz, noqonuniy kesib olib ketayotganligi aniqlangan. Natijada ushbu fuqaroga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun 24 million so‘m undirildi.
Mazkur tumanning Fay mahallasida yashovchi R.T. ham yo‘l bo‘yida o‘sib turgan 2 tup terak daraxtini tegishli ruxsatlarsiz kesib yuborgani uchun unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobarida jarima qo‘llanildi. Shuningdek, o‘simlik dunyosiga 1 million 648 ming so‘m zarar yetkazganligi aniqlanib, to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Erta-indin yurtimizda “Yashil makon” bo‘yicha kuzgi ko‘chat ekish tadbirlari boshlanadi. Ushbu jarayonda joylarda ko‘chat o‘tqazishda birinchi navbatda ularni parvarishlash, sug‘orish tizimi bo‘lishi, eng muhimi, mas’ullar tayinlanishiga e’tibor qaratilsa, ayni muddao bo‘lardi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari