Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millionlab daromad, yuzlab yangi ish oʻrni
16:22 / 2018-12-03

Bu 850 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi.


Surxondaryo viloyatida joriy yilning oʻtgan davrida 64 ta qurilishi tugallanmagan obyekt va foydalanilmayotgan inshoot tadbirkorlarga 60 milliard 263 million soʻm investitsiya kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida berildi. Bu 850 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi.

Mamlakatimizda xususiy sektorni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, raqobatbardosh mahsulotlar turini koʻpaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, bandlik masalasini hal etish kabi muhim masalalarga yoʻnaltirilgan bu jarayon aholi turmush darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Viloyatda investitsiya kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida berilgan bino va inshootlar negizida salohiyatli tadbirkorlar turli mahsulotlar ishlab chiqarish, aholiga zamonaviy xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻymoqda.

– Prezidentimiz joriy yil 19-20 yanvar kunlari viloyatga tashrifi chogʻida boʻsh turgan 37 davlat mulki obyektiga salohiyatli tadbirkorlarni jalb etish yuzasidan tegishli vazifalar topshirgan edi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi E.Eshkeldiyev. – Shunga muvofiq, mazkur obyektlar investitsiya jalb etish va yangi ish oʻrinlari yaratish sharti bilan “nol” xarid qiymatida tadbirkorlarga berildi. Ayni paytda ushbu obyektlarga egalik qilgan xususiy sektor vakillari belgilangan muddatlarda yangi quvvatlarni ishga tushirib, olgan majburiyatini bajarayotir. Masalan, Oltinsoy tumanidagi sobiq “276-MKJ”ning eski binosini tumandagi koʻp tarmoqli “Normuhammad” savdo-ishlab chiqarish xususiy firmasi ikki yilda 550 million soʻm sarmoya kiritib, oʻnta yangi ish oʻrni yaratish sharti bilan “nol” xarid qiymatida olgan edi. Hozir tadbirkor inshootni beton gʻisht va tokzor uchun beton ustunlar ishlab chiqarishga moslashtirmoqda, boʻsh turgan yer maydonida issiqxona barpo etayotir.

Viloyatda xususiylashtirilgan, faoliyati toʻxtab qolgan yoki binolari boʻsh turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar atroflicha oʻrganilib, ulardan samarali foydalanish maqsadida tadbirkorlarga investitsiya kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida berilayotgani sifatli mahsulot ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish samaradorligini oshirish, hududni yangi bosqichda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga koʻmaklashmoqda. Jumladan, viloyat hududiy komissiyasi Denov tumani Dahana mahallasida boʻsh turgan bino va inshootlarni tadbirkorlarga “nol” xarid qiymatida investitsiya kiritish, yangi ish oʻrni yaratish majburiyati bilan berdi.

“Denov Shahriyor” xususiy korxonasi 1 milliard soʻm sarmoya sarflab, zamonaviy ishlab chiqarish hamda xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish va oʻnta yangi ish oʻrni tashkil etishni oʻz zimmasiga oldi. Ishbilarmon 150 million soʻmga yaqin investitsiya kiritib, obyektni tubdan taʼmirladi. Sherobod tumanidagi “Vandob” shifo-oromgohining boʻsh turgan birinchi, uchinchi va toʻrtinchi binolari “nol” xarid qiymatida “Beshbuloq suv” oilaviy korxonasiga 1 milliard 200 million soʻm investitsiya kiritish va 60 yangi ish oʻrni yaratish sharti bilan xususiy mulk qilib berilgan edi. Shu kungacha tadbirkor 700 million soʻmga yaqin mablagʻ sarflab, zamonaviy texnologiyalar asosida shifobaxsh buloq suvini qadoqlash liniyasini ishga tushirdi. Oʻnga yaqin kishining bandligi taʼminlandi. Ayni paytda oromgoh barpo etilmoqda.

Jarqoʻrgʻon tumani Porloq yulduz mahallasidagi sobiq bolalar poliklinikasining boʻsh turgan binosini tumandagi “Bakumov Medigal” xususiy korxonasi bir yilda 310 million soʻm investitsiya jalb etib, 10 ta yangi ish oʻrni yaratish majburiyati evaziga “nol” xarid qiymatida xarid qilgan.

– Foydalanilmay turgan binoda xususiy klinika qurishni moʻljallaganmiz, – deydi xususiy korxona rahbari N.Normurodova. – Hozirgacha 423 million soʻm mablagʻ evaziga bino tubdan rekonstruksiya qilindi. Oʻz biznesimizni yoʻlga qoʻyib, aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish uchun tijorat bankining kredit mablagʻidan ham samarali foydalanmoqdamiz. Shartnomaga koʻra, yangi shifo maskani yangi yilda toʻliq foydalanishga topshiriladi. 10 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.

Angor tumanidagi sobiq iqtisodiyot kasb-hunar kollejining boʻsh turgan bir qavatli uchinchi oʻquv binosi ham joriy yilda “nol” xarid qiymatida xususiylashtirildi. Unga “Boysun-farm” EIZ tarkibiga kirgan “Angor-farm” MCHJ 2 yilda 1 milliard soʻm investitsiya kiritish, oʻndan ortiq kishining bandligini taʼminlash majburiyati bilan “nol” xarid qiymatida egalik qildi. Farmatsevtika uchun biologik faol qoʻshimcha va mazlar ishlab chiqarish korxonasi bunyod etayotgan tadbirkor qariyb 700 million soʻm mablagʻ sarflab, binoda qurilish-obodonlashtirish ishlarini bajardi. Kelasi yili mazkur korxona ham ishga tushirilib, yurtdoshlarimiz salomatligi yoʻlida xizmat qila boshlaydi.