French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millionlab aholi o‘limiga atmosfera va xonalar havosining ifloslanishi sabab bo‘lmoqda
16:28 / 2022-10-11

Ekologik xavfsizlik kishilik jamiyatining buguni va ertasi uchun dolzarbligi, juda zarurligi bois eng muhim muammolar jumlasiga kiradi.

JSSTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 7 million insonning bevaqt o‘lim holatlariga atmosfera va xonalar havosi ifloslanishi sabab bo‘lmoqda. bugungi kunda havo ifloslanishi gipertoniya va ovqatlanish bilan bog‘liq kasalliklarni kelib chiqishida xavf omillaridan keyingi o‘rinda turadigan salomatlik uchun eng ahamiyatli global xavf omili hisoblanadi.

CHIQINDI – KONI ZARAR...

Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida qattiq maishiy chiqindilar aholi jon boshiga har yili 1 foizga oshmoqda. Hozirgi kunda chiqindilarning 800 dan ortiq turi qayd etilgan bo‘lib, ular sonining kelgusida yanada ortishi bashorat qilinmoqda. Energetika, rangli va qora metallurgiya, kimyo sanoati, qurilish industriyasi ob’ektlari chiqindi hosil qiluvchi, atrof-muhitni ifloslantiruvchi asosiy manbalar hisoblanadi.

Davlat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, maishiy chiqindilar bilan ishlashda investitsion jozibadorlikni oshirish maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Jumladan, Osiyo taraqqiyot bankining kredit mablag‘lari hisobiga 300 ta chiqindi tashish maxsus texnikasi, 6 000 ta chiqindi konteynerlari va 13 ta egarli shatakchi avtotransport vositalarini xarid qilish shartnomalari imzolandi. Ayni vaqtda Toshkent shahri bo‘yicha chiqindilar uchun majburiy to‘lovlar hisobini yuritishning yagona elektron tizimi hamda elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni yuritishning billing tizimi o‘zaro integratsiya qilish yakunlanishi natijasida abonentlar 400 mingtaga va tushum rejasi 1,6 milliard so‘mga ko‘payishiga erishildi.

DARAXTLARNI KESIB YUBORISH HOLATLARI BO‘YICHA JAZOLAR KUCHAYTIRILDI, LEKIN...

Ma’lumotga ko‘ra, hozirgi kunda dunyo bo‘yicha 3 trillion atrofida daraxt mavjud. Biroq har bir daqiqada ularning 27 ta futbol maydoniga teng qismi kesilmoqda. Ekologiyani yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirishda ko‘chatchilik juda muhim bo‘lishiga qaramasdan, mamlakatimizda ham daraxtlarni kesish, yashil hududlarni kamaytirish holatlari ko‘plab muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Qayd etish kerakki, Toshkentda ham so‘nggi vaqtlarda daraxtlarni kesish jiddiy muammolar qatorida turibdi.

Daraxtlarni kesishga moratoriy e’lon qilindi. O‘tgan 2021 yilda moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi. Ammo shunga qaramay, o‘simlik dunyosiga bo‘lgan tajovuzkor harakatlar davom etmoqda. Bunday holatlarning oldini olish, daraxt va butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun jarima miqdori oshirilmoqda. Jumladan, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdorlar uchun yigirma baravarigacha miqdorda jarima solish belgilanmoqda.

DARAXT ILDIZINI BETONLASH UNING O‘SISHIGA TO‘SIQ BO‘LMAYDIMI?

Toshkent shahar hokimligining ma’lum qilishicha, daraxtlar bilan bog‘liq muammolar haqida olingan xabarlarning aksariyati betonlash bilan bog‘liq. Ammo...

 Daraxtlar atrofini zich qilib betonlash yoki daraxt tanasiga yaqin qilib asfalt yotqizish, bu sug‘orish, tuproqning nafas olishi va daraxt o‘sishi uchun joy qoldirmaydi. Ammo...

– Daraxtlar ostini «bruschatka» qilish uning o‘sishiga to‘siq bo‘lmaydi, – deydi Bioxilmaxillikni asrash boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Sodiqov. – «Bruschatka», bu – «nafas oladigan» tosh. Uning orasi ochiq, suv shimadi. Daraxtlarning ildiz tizimiga judayam foyda keltiradi. Xizmat safari bilan Janubiy Koreyaga borib keldik. Undan tashqari Buyuk Britaniyaning London shahrida ham bu keng joriy qilingan. E’tibor bersangiz, «bruschatka»ni orasidan maysa o‘sib chiqadi. Buning hech qanday daraxtga zararli joyi yo‘q.

Qayd etilishicha, 2022 yil 9 oy davomida YAIDPX (davlat xizmatlar) orqali kelib tushgan jami 5 ming 806 ta murojaatlarda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan 358 ming 877 tup daraxt va butalarni kesish, ko‘chirib o‘tkazish hamda butash so‘ralgan. Shundan 2 ming 321 ta murojaatda 52 mingdan ziyod daraxtni kesishga va 2 ming 108 ta murojaatda 134 mingdan ziyod daraxtni kesishga rad javobi berilgan.

«YASHIL MAKON» UMUMMILIY LOYIHASI DOIRASIDA KO‘RILGAN ZARAR MIQDORI QANCHA?

Ma’lumki, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonovning ta’kidlashicha, joriy yilda loyiha doirasida daraxt ekish rejasi 101 % ga bajarilgan.

Ammo atrof-muhit muhofazasi borasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar jarayonida ayrim hududlarda mutasaddi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining e’tiborsizligi sababli «yashil maydon»lar qarovsiz qolgan. Bugunga kelib, loyiha doirasida ekilgan ko‘chatlarning 5 millionga yaqini nobud bo‘lgan yoki nobud bo‘lish arafasida turibdi. Ko‘rilgan zarar miqdori 464 million so‘mdan iborat.

Xulosa o‘rnida qayd etish lozimki, o‘simlik dunyosi ob’ektlariga bo‘lgan tajovuzkor harakatlar davom etmoqda. Tabiatni asrash, muhofaza qilish faqat shu soha xodimlarining ishi emas, balki barchaning burchidir. Chunki, biz yashayotgan hudud musaffoligi, ekologik muvozanatni saqlash barchamizning burchimiz.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA