O‘zgalarning haqiga ega chiqib, xiyonat qilgan kishi albatta uning jazosini oladi. Farg‘ona Olimpiya zaxiralari kollejida sodir etilgan jinoyat ham buni yaqqol ko‘rsatdi.
Sudlanuvchilarning qilgan ishlari fosh bo‘lib, hamkasblari, yaqinlari oldida yuzi shuvut bo‘ldi. Kollejning bosh hisobchi vazifasida ishlab kelgan Safarali Muxtorov (ism va sharifi o‘zgartirilgan) jamoaning ishonchini oqlash o‘rniga nafs kuyiga uchdi. U xodimlarning juda ko‘p miqdordagi pullarini o‘zlashtirishga erishgan. Xususan, 2018 yilning sentyabr oyidan 2022 yilning fevral oyiga qadar hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan 4 milliard 123 million 787 ming so‘m ortiqcha ish haqlari va boshqa to‘lovlarni hisoblab, majburiy ushlanmalardan tashqari, jami 3 milliard 587 million 695 ming 114 so‘m pul mablag‘larini shaxsiy plastik kartasiga tushirgan.
Bundan tashqari, u 2019 yil va 2021 yillar davomida hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan “UzASBO” dasturiga aslida o‘tkazilmagan musobaqalar haqidagi ma’lumotlarni kiritib, mazkur musobaqa xarajatlari vaji bilan kollejning 34 nafar musobaqa qatnashuvchi o‘quvchilariga pul hisoblaydi. O‘zida saqlab kelayotgan ularning nomiga ochilgan plastik kartalarga pul mablag‘larini tushirib, juda ko‘p miqdordagi jami 546 million 688 ming 698 so‘m byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Bosh hisobchining nafsi tobora hakalak ota boshladi. Xizmat mavqeidan foydalangan holda kollejning bino va inshootlardan foydalanish muhandisi R.S. va Sh.Q. bilan oldindan til biriktiradi. Kollejning 2018 yil 15 sentyabrdagi buyrug‘i bilan xo‘jalik bekasi lavozimiga Sh.Q, 2021 yil 1 fevraldagi buyrug‘i bilan suv havzasi chilangari lavozimiga R.S ishga qabul qilingan. Ular ish joylariga kelmagan bo‘lsalarda, har oylik tabellarga bila turib soxta yozuv va ma’lumotlarni kiritib, 27 million 85 ming 654 so‘m byudjet mablag‘larni o‘zlashtirib yuborgan.
S.Muxtorov kollej g‘aznachisi bilan har oyda o‘quvchilarning oziq-ovqat badal pullarini naqd pul shaklida qabul qilib olib, kollejning bankdagi hisob raqamiga kirim qilmasdan juda ko‘p miqdordagi jami 666 million 961 ming so‘m pullarini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Bosh hisobchi o‘margan pullaridan ma’lum qismini sihatgohda oilaviy ravishda dam olish, yirik do‘konlardan muntazam ravishda katta miqdorda xaridlar qilishga, yashash xonadonlarini ta’mirlash, “1-XVet” qimor o‘yinlarini o‘ynash, kredit, kommunal, aloqa xizmati to‘lovlariga, bank muassasalaridan AQSH dollari sotib olish va boshqa maqsadlarga sarflab yuborgan.
Sud hukmi bilan Safarali Muxtorov uch yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etilib, 9 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Uning jinoiy sheriklariga ham tegishli jazo berildi.
Shuhratjon Kamolov,
Farg‘ona viloyat sudining raisi
O‘zA