Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millatning qudrati uning tilida, davlatning shon-shuhrati esa uning so‘zidadir
11:38 / 2025-10-15

1989 yil 21 oktyabr xalqimiz taqdirida til, ma’naviyat va davlatchilik taraqqiyotida yangi sahifa ochgan, milliy g‘urur hamda o‘zlik tuyg‘usini qayta tiriltirgan ulug‘ sana sifatida tarixga kirgan kundir.

Bu kunda qabul qilingan “O‘zbek tili to‘g‘risida”gi qonun xalq ongida asrlar davomida saqlanib kelgan orzu – ona tilini davlat darajasida ardoqlash g‘oyasini amalga oshirdi.

Zero, til – millatning yuragi, uning tarixiy xotirasi, xalq ruhining jonli tarjimonidir. U millatni millat qiladi, avlodlarni bir-biriga bog‘laydi, davlatning ma’naviy poydevorini mustahkamlaydi. Shu ma’noda, davlat tili maqomining berilishi nafaqat huquqiy qaror, balki butun xalqning qalbiga iftixor bag‘ishlagan ma’naviy istiqlol bayrami bo‘ldi.

O‘sha kundan boshlab o‘zbek tili faqat muloqot vositasi emas, balki milliy o‘zlikning ifodasi, davlatchilik ramzi va ma’naviy mustaqillik belgisi sifatida yuksak maqom kasb etdi. Til orqali xalq o‘z qadrini anglay boshladi.

Ona tili – millat qo‘rg‘oni, davlatning ruhi va yuragi. Shuning uchun ham bu qonun xalqimiz uchun faqat siyosiy voqea emas, balki ma’naviy tiklanish, madaniy uyg‘onish va milliy o‘zligimizning yangi davrini boshlab bergan tarixiy burilish nuqtasi bo‘ldi.

Qonunning 1-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili – o‘zbek tilidir”, – deya qat’iy ta’kidlanadi. Bu shunchaki huquqiy me’yor emas – u millat qalbidagi yuksak iftixor, davlatchilik shon-sharafining timsoli hamda abadiy ruh ramzidir. Bu modda orqali xalq o‘zligini tan oldi, davlat esa o‘z ma’naviy ustunini mustahkamladi. Shu bois, tilshunos olimlar va ziyolilar bu tarixiy hujjatni xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lab turuvchi ma’naviy ko‘prik, millat taqdiri hamda ruhiyatini birlashtiruvchi qudratli vosita sifatida baholadi.

Zero, til bor joyda millat tirik, millat tirik joyda esa davlat abadiydir. Ona tilining nafasi – bu Vatanning nafasi, uning har bir so‘zi – elning qalb zarrasidir. Davlat tili haqidagi qonun esa ana shu muqaddas zarralarni bir butun ma’naviy koinotga aylantirgan ezgu hujjatdir.

Ortidan o‘tgan qariyb yarim asr mobaynida ko‘p narsa o‘zgardi. Davlat tili maqomining berilishi natijasida ta’lim, matbuot va madaniyat sohalarida o‘zbek so‘zi yangradi, o‘zlik ovozi jarangladi. Ona tili endi faqat darsliklarda emas, balki xalq hayotining har bir jabhasida o‘z o‘rnini topa boshladi.

Ammo afsuski, bugun “davlat tili” degan muqaddas so‘zning ruhi hali ham jamiyat hayotining barcha qatlamlariga to‘la singib ketdi, deb bo‘lmaydi. Bir olima o‘laroq, shu tuproq va shu zaminning farzandi sifatida ona tilimizga bo‘layotgan ba’zi bir e’tiborsizliklar yuragimni og‘ritadi. 

Ma’lumki, ba’zi idoralarda hali-hanuz hujjatlar xorijiy tillarda yuritiladi, ayrim reklama va yozuvlarda esa orfografik xatolar, uslubiy kamchiliklar ko‘zga tashlanadi. Bu esa qonun matnda emas, amalda kuchli nazorat hamda e’tibor zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi. 

Ayniqsa, ilm-fan va texnika olamida o‘zbek tilining nafasi torayib qolayotgani seziladi. Terminologiyada yagona tizim yo‘qligi, bir atamaning turlicha tarjima qilinishi yoki ayrim sohalarda o‘zbekcha manbalar yetishmasligi – bu til taraqqiyotiga to‘siq, tafakkur kengligiga g‘ov bo‘lmoqda. Ilmiy izlanishlar, texnik hujjatlar, elektron bazalar – bularning barchasida ona tilimizning o‘rni hali to‘liq mustahkam emas.

Raqamli davr eshiklarini keng ochgan bugungi kunda ham, afsuski, o‘zbek tili global texnologiyalar maydonida o‘z salohiyatini to‘la namoyon eta olmayapti. Google, Translate, Microsoft, ChatGPT va boshqa sun’iy intellekt platformalarida o‘zbek tili hanuz to‘liq integratsiya qilinmagan. Sababi esa milliy til korpusi va elektron lug‘at bazalarining yetarlicha rivojlanmagani, raqamli lingvistika infratuzilmasining sustligi sababdir.

Ona tili – bu faqat aloqa vositasi emas, balki millat tafakkurining, ilm-fanning va kelajak tafsirining kaliti. Shuning uchun uni raqamli olamga olib kirish – bu endilikda faqat tilshunoslarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir.

Bugun til madaniyatining holati, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar va shou-biznes maydonida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. So‘zning muqaddasligi go‘yo e’tiborsizlik changida qolayotgandek. Har bir orfografik xato, so‘zning notabiiy talaffuzi, uslubdagi beparvolik yoshlar nutqiga singib, ularning tafakkuriga ham sekin-asta o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.

Bu jarayon faqat tilga emas, balki madaniyatning o‘ziga, milliy estetik didimizga ham soyasini tashlamoqda. Axir, so‘z – bu millatning libosi, nutq esa uning ruhidir. Agar so‘zga beparvo bo‘lsak, ruhimizga ham befarq bo‘lib qolamiz. Shu bois, ta’lim tizimida “Til madaniyati va uslubiyat” fanini majburiy qilish – zamon talabi, madaniyatni asrashning eng to‘g‘ri yo‘lidir. Maktab va oliy ta’lim dargohlarida ona tilining nozik jihatlarini chuqur o‘rgatish, nutq madaniyatini yuksaltirish orqali biz kelajak avlod tafakkuriga ma’naviy ziyo bag‘ishlaymiz.

Ommaviy axborot vositalarida savodxonlikka bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar tayyorlash, yoshlar orasida diktant, esse va nutq tanlovlarini muntazam o‘tkazish – bu shunchaki tadbir emas, balki milliy o‘zligimizni, tilning pokligini saqlash yo‘lidagi ma’naviy safardir. Zero, tilga e’tibor – millatga ehtirom, so‘zga mehr – kelajakka sadoqatdir.

Zamonaviy texnologiyalar – bu zamonning yangi so‘z maydoni, tafakkur va muloqotning raqamli sahnasidir. Endilikda til faqat kitob sahifalarida emas, balki kodlar, algoritmlar va sun’iy intellektning mantiqiy tizimlarida ham yashaydi. Agar o‘zbek tili bu raqamli olamda o‘z o‘rnini topmasa, u global muloqotning chekkasida qolish xavfi tug‘iladi. Chunki bugungi dunyoda til faqat aloqa vositasi emas, balki intellektual raqobat qurolidir.

Shu bois o‘zbek tilining milliy korpusini yaratish, uni sun’iy intellekt, avtomatik tarjima va ovozli tizimlarga integratsiya qilish, mobil ilovalar hamda zamonaviy onlayn lug‘atlar ishlab chiqish – bu nafaqat lingvistik masala, balki milliy mafkura va raqamli mustaqillik masalasidir. Tilning raqamli hayotga kirib borishi, bu xalqning fikri, ruhi va madaniyatining global sahnada yangi ovoz bilan jaranglashidir. O‘zbek so‘zi algoritmlar tilida yangragan kun, bizning milliy g‘ururimiz ham yangi bosqichga ko‘tariladi.

So‘nggi yillarda Turk dunyosidagi hamkorlik yangi mazmun, yangi ruh va yangi bosqich kasb etmoqda. Turkiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan lingvistik dasturlar, ilmiy loyihalar hamda madaniy almashinuvlar bu nafaqat tilni rivojlantirish, balki umumiy tarix va ruhiy ildizlarni mustahkamlash yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlardir.

Ta’kidlash joizki, tilni faqat tarixiy yodgorlik sifatida emas, taraqqiyotning kuchi sifatida ko‘rish zamon talabi. Shu bois, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ilgari surgan tashabbuslari ham aslida ona tilimiz va milliy o‘zligimizni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan edi.

Ushbu sammitda ilgari surilgan “Turkiy sanoat alyansi”, “Yashil yo‘laklar” (“Green Corridors”), “Turkiy ilm va innovatsiyalar kunlari” kabi tashabbuslar nafaqat iqtisodiy hamkorlik, balki turkiy xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy va til birligini mustahkamlash yo‘lidagi amaliy qadamdir. Chunki til – bu ham madaniyat, ham taraqqiyot vositasi.

Masalan, bugun “Turkic Universities Union” doirasida o‘zbek tili, adabiyoti va tarjima yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘zbek tili nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun turkiy dunyo ilm-fanida o‘z o‘rniga ega bo‘lish sari odimlamoqda. Shu ma’noda, “Til – millat ko‘zgusi, millat – til ruhi”, degan so‘zlar bugungi kunda o‘zining chin ma’nosini topmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiy sammitda: “Bizning birdamligimiz – tarixiy ildizlarimiz, madaniyatimiz va tillarimizning mushtarakligidadir. Shu asosda yangi taraqqiyot davriga qadam qo‘yyapmiz”, – deya aytgan so‘zlari bejiz emas edi, aslida. 

Bu so‘zlar faqat siyosiy bayonot emas, balki butun turkiy olamni birlashtiruvchi ma’naviy chaqiriqdir. Bu shuni anglatadiki, til – bu xalqning yuragi, madaniyatlar o‘rtasidagi ko‘prik, tarix bilan kelajakni bog‘lovchi ruhiy ipdir. O‘zbek tili bugun nafaqat milliy faxr, balki turkiy uyg‘unlikning ramzi, xalqaro maydondagi ma’naviy diplomatiya vositasi sifatida o‘z mavqeini tobora mustahkamlab bormoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 10 mingdan ziyod umumta’lim maktablarining aksariyatida ta’lim jarayonlari o‘zbek tilida olib borilmoqda. 150 dan ortiq oliy ta’lim muassasalarida esa dars mashg‘ulotlari davlat tilida tashkil etilayotgani – milliy tilning ta’lim sohasidagi barqaror mavqeini yaqqol ko‘rsatadi. 

Ammo bu yutuqlar bilan cheklanib bo‘lmaydi. Chunki til – bu tirik organizm, u rivojlanmasa, to‘xtaydi, to‘xtasa, so‘nadi. Shu bois, ilm-fan sohasida zamonaviy o‘zbekcha terminologiya bazasini yaratish, raqamli texnologiyalar tizimiga to‘liq integratsiya qilish, davlat idoralarida hujjat yuritishni butunlay o‘zbek tiliga o‘tkazish bugungi kunning eng dolzarb va mas’uliyatli vazifalaridan biridir.

Til – bu millatning yuragi, ruhi va vijdonidir. U xalqning tarixini, or-nomusini, orzusini o‘zida mujassam etgan tirik qudratdir. Tilning nufuzi – davlatning barqarorligi, xalqning tafakkuri hamda ma’naviy salohiyatining eng yuksak mezonidir. “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun esa shunchaki huquqiy hujjat emas, balki har bir fuqaroning qalbida yashashi, uning nutqida, tafakkurida, xatti-harakatida aks etishi kerak bo‘lgan milliy vijdon deklaratsiyasidir. Chunki qonun faqat qog‘ozda emas, hayotning o‘zida, har bir idoraning ish yuritishida, har bir o‘quvchining so‘z boyligida, har bir yoshning fikrlash madaniyatida yashasa, u haqiqiy kuchga aylanadi.

Millatning qudrati uning tilida, davlatning shon-shuhrati esa uning so‘zida namoyon bo‘ladi. Zero, tilini sevgan xalq hech qachon yo‘qolmaydi, o‘z so‘zini asragan millat esa o‘zligini asragan millatdir.

Gulsanam Norova,

filologiya fanlari doktori, dotsent, O‘zA