O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 martdagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida olimlar va soha ekspertlari ishtirokida “Fuqarolik va umummilliy qadriyatlar” munozara klubini tashkil etish hamda millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi masalalar yuzasidan o‘zaro muloqot platformasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha navbatdagi davra suhbati o‘tkazildi.
Ushbu yig‘ilish joriy yilning may oyida soha ekspertlari ishtirokida o‘tkazilgan yurtimizda umummilliy totuvlikni ta’minlash borasida ko‘rilayotgan choralar va jamiyatda barqaror vaziyatni saqlash yuzasidan qo‘yilgan vazifalar to‘g‘risida muzokaralar olib borishga bag‘ishlangan dastalabki yig‘ilishning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Mazkur davra suhbatida 30 ga yaqin tashkilot va oliy ta’lim muassasalaridan 40 dan ortiq tarixchi, sharqshunos, jurnalist, sosiolog, siyosatshunos, faylasuf, antropolog, etnolog, filolog va boshqalardan iborat ekspertlar guruhi jamlandi.
Tadbirda sohadagi hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish va vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.

Qo‘mita raisi Qahramon Sariyev umummilliy totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan tizimli asosda muloqot o‘rnatish va aloqalarni rivojlantirish borasida qator islohotlar amalga oshirilayotganiga to‘xtalib, sohani rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqishda ilmiy yondashuv, sohaga oid olim va ekspertlar bilan o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbirning munozara qismida 10 dan ortiq ekspertlar tomonidan jamiyatda millatlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, turli millatlarning tili, madaniyati va an’analarini saqlash va keyingi avlodlarga yetkazish borasidagi amaliy tajriba va yutuqlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lish kabi masalalarni nazarda tutuvchi 50 dan ortiq takliflar berildi.
Berilgan takliflardan kelib chiqib millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi masalalar yuzasidan o‘zaro muloqot platformasini yo‘lga qo‘yish maqsadida olim va ekspertlar ishtirokida Qo‘mita huzurida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi “Fuqarolik va umummilliy qadriyatlar” munozara klubini tashkil etish masalasi qo‘yildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan tashabbuslar, taklif va mulohazalar mamlakatimizda do‘stlik, millatlararo totuvlik muhitini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova,
O‘zA