Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “O‘zbekiston – ko‘p millatli ahil oila” mavzusida festival bo‘lib o‘tdi.
Unda universitetning professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, Namangan davlat texnika universiteti, Urganch davlat universiteti vakillari ishtirok etdi. Dastlab mehmonlar talabalar tomonidan yaratilgan milliy liboslar, hunarmandchilik namunalari, rasmlar ko‘rgazmalarini tomosha qildi.
Tadbirni ochgan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori A.Reymov bugungi kunda mamlakatimiz o‘zining mustahkam tarixiy merosi, boy madaniyati va xalqaro aloqalari bilan nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyodagi muhim madaniy va siyosiy markazlardan biriga aylanib borayotganini, “Yangi O‘zbekiston” degan tushuncha nafaqat mamlakatimizning yangi siyosiy tizimini, balki xalqimizning yangi do‘stlik va madaniyatga bo‘lgan munosabatini ham ifoda etishini alohida ta’kidladi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari R.Nurazizov so‘zga chiqib, Prezidentimiz rahbarligida millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, bag‘rikenglik va mehr-oqibat muhitini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi va barchani millatlararo totuvlik va do‘stlik bayram bilan qutladi.
Ushbu festival yurtimizda yashayotgan har bir millat vakilining ona yurti – O‘zbekiston bag‘rida naqadar erkin, teng va tinch hayot kechirayotganini yana bir bor namoyish etdi. O‘zbekiston dunyodagi kam sonli davlatlardan biri bo‘lib, unda milliy totuvlik va diniy bag‘rikenglik siyosati davlat darajasida olib boriladi. Har bir millat vakilining o‘z ona tilida so‘zlashi, ta’lim olishi, madaniyatini rivojlantirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan.
Respublikamiz bo‘ylab faoliyat ko‘rsatayotgan yuzlab milliy madaniy markazlar, milliy teatrlar, ijodiy uyushmalar ana shunday imkoniyatlarning yorqin dalilidir. Festival doirasida milliy liboslar ko‘rgazmasi, sahna chiqishlari va konsert dasturlari yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi. Har bir chiqish, har bir qo‘shiq, xalq raqslari yig‘ilganlarga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan ochiq, xalqchil siyosat natijasida mamlakatimizda millatlararo munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. Turli millatlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash borasida ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-22837]
O‘zbekiston taraqqiyotining asosi bu barqarorlik, tinchlik va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikdir. Ana shunday muhitda yashayotgan har bir inson o‘z salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishi, kelajakka ishonch bilan qarashi mumkin. Tadbirda talabalar o‘zlari ijro qilgan sahna ko‘rinishlarida do‘stlik, tinchlik, hamjihatlik kabi ezgu g‘oyalarni targ‘ib etib, yurtimiz ravnaqiga xizmat qilishga tayyor ekanliklarini namoyish etdi.
Albatta, bunday tadbirlar yoshlar qalbida millatlararo totuvlik, vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash bilan birga, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy qiyofasini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.