Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostida “Biz – bir oila farzandlarimiz” mavzusida millatlararo totuvlik va do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Tatlimurat Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Tursinbay Abdijabbarov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Begdulla Sultanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Maqset Matekov ishtirok etishib, bugungi globallashuv davrida millatlararo totuvlik, o‘zaro hamjihatlik, do‘stlik munosabatlari jamiyatimiz va davlatimizning har tomonlama rivojlanishida muhim ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidlashdi.
Festivalda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov so‘zga chiqib, bunday bayramlar yoshlarimiz o‘rtasida do‘stlik, hurmat va madaniy xilma-xillikni yanada mustahkamlash, talabalar o‘rtasida hamjihatlik va bag‘rikenglikni targ‘ib qilish hamda har bir millat vakiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lish madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Tadbir institutning mohir chevar, hunarmand va sportchi yoshlarining ko‘rgazmasi bilan boshlangan bo‘lsa, “To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talaba-yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Millatlararo totuvlik va do‘stlik bayrami ishtirokchilari va yoshlar turli millat vakillarining jo‘shqin qo‘shiqlari, raqslarini birgalikda ijro etishib, festivalning yuqori saviyada o‘tishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishdi.
[gallery-23424]
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, hozirgi vaqtda Nukus davlat pedagogika institutida 17 ming nafarga yaqin talaba bo‘lib, ular qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman, rus, ukrain, koreys, qirg‘iz, tojik, ozarbayjon, boshqird, uyg‘ur va tatar kabi 11 millatga mansubdir. Ayni paytda bu yoshlar xuddi bir oilaning farzandlaridek hamjihatlikda tahsil olishmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari