Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik o‘zbek xalqining yuksak qadriyatidir
14:42 / 2022-10-10

Millatlararo totuvlik – millatlararo ahillik, xalqaro do‘stlikdir. Millatlararo totuvlik milliy istiqlol mafkurasining asosiy g‘oyalaridan sanalib, muayyan hudud, davlatda turli millat vakillarining hamjihatlikda, birgalikda, hech qanday nizolarsiz hamkorlikda faoliyat yuritishini ifodalovchi tushunchadir. Millatlararo totuvlikni bir jamiyatda yashab, yagona maqsad yo‘lida mehnat qilayotgan turli millat va elatlarga  mansub kishilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, do‘stlik va hamjihatlikning ma’naviy asosi deb atash mumkin. Millatlar o‘rtasidagi mushtarak ezgu maqsadlarni nazardan qoldirmaslik azaliy qadriyatlar taraqqiyoti asosini tashkil qiladi. 

Mamlakatimiz hududida qadimdan ko‘plab millat va elat vakillari hamjihatlikda yashab kelmoqda. Ular o‘rtasida asrlar davomida milliy nizolar bo‘lmagan. Xalqimiz azaldan bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, kechirimlilik, boshqalarning urf-odat va qadriyatlarini  e’zozlash kabi umuminsoniy fazilatlarini ko‘rsatib kelgan. Millatlararo totuvlik umumbashariy qadriyat bo‘lib, turli xalqlar birgalikda istiqomat qiladigan mintaqa va davlatlar milliy taraqqiyotini belgilaydi, tinchlik hamda barqarorlikning kafolati bo‘lib xizmat qiladi. 

   O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va bag‘rikengligi, ayniqsa, urush yillarida namoyon bo‘ldi. Shu davrda O‘zbekistonga 1 milliondan ortiq kishi, jumladan, 200 ming bola evakuatsiya qilindi. Turli millatga mansub yetim bolalarni o‘zbek xalqi o‘z farzandiday ardoqlab, ularni voyaga yetkazdi. Masalan, toshkentlik Shoahmad Shomahmudovlar oilasi insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida Shoahmad Shomahmudov va uning ayoli Bahri Akramova turli millatning qarovsiz va yetim qolgan bolalarini farzandlikka olib, ta’lim-tarbiya bergan. Ular boshpanasiz qolgan, turli millat vakillari bo‘lgan 13 bola va urushdan so‘ng yana 3 bolani o‘z tarbiyalariga olishgan. Bular: Habiba, Vova, Shuhrat – rus, Hamidulla – ukrain, Rafiq, Rahmatulla – tatar, Holida – moldavan, Samug‘ – chuvash, Yo‘ldosh, Ergash – yahudiy, Halima – qozoq, Qoravoy, Ne’mat, Muazzam, Hakima, Ulug‘bek – o‘zbek. Shomahmudovlar oilasi insonparvarlikni ulug‘lovchi oila sifatida katta jasorat, qahramonlik ko‘rsatdi. O‘zbekiston kabi ko‘p millatli mamlakatda turli millatlar manfaatlarni uyg‘unlashtirish, ular orasida totuvlikni ta’minlash taraqqiyotning hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi. Zero, millatning istiqboli boshqa xalqlar va mamlakatlarning taraqqiyoti, butun jahondagi vaziyat va imkoniyatlar bilan ham bog‘liqdir. Butun dunyoda, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlarda yonma-yon yashayotgan xalqlar o‘rtasida tinchlik, osoyishtalik, barqarorlik, hamjihatlik, teng huquqli munosabat bo‘lmasa, ulardan hech biri o‘zining porloq istiqbolini ta’minlay olmaydi. 

     Hozirgi vaqtda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya, 2200 dan ortiq diniy tashkilotlarning diniy bag‘rikenglik asoslariga rioya qilgan holda o‘zaro tinch-totuvlikda umrguzaronlik qilayotgani fikrlarimizning yaqqol dalilidir. Bundan tashqari Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasining ayrim yo‘nalishlari ham millarlararo totuvlik munosabatlarini yaxshilashga qaratilgan. 

   Millatlararo totuvlikka e’tibor qaratilishi O‘zbekistonda yashayotgan millat va elatlarning turli kasb-korlarda faoliyat olib borishi, urf-odat va an’analardan xabardor bo‘lishiga zamin yaratmoqda. Bu bevosita ma’naviy qadriyatlarning millat ichida rivoj topib, yanada boyishiga olib keladi.   

   Ayni paytda turli millat va elatlarning milliy an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash, ularni yanada rivojlantirish, boyitish masalasi davlatimizning doimiy  e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Bugun umumiy o‘rta talim maktablarimizda  7 tilda – o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qirg‘iz, turkman, qozoq va tojik tillarida bilim berilayotgani, shuningdek, ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan millatlarning 10 ta tilida faoliyat olib borayotgani buning yorqin namunasidir.

 

Diyorbek Jo‘ramirzayev 

        O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 2-bosqich talabasi