Ko‘p asrlik boy tarix va betakror madaniy xususiyatlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston zamini azaldan xalqlar va dinlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va hamjihatlik singari o‘ziga xos ijtimoiy muhit shakllangan yurt sifatida tanilgan.
Ayni paytda Yangi O‘zbekistonimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Shuningdek, o‘lkamizda 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq, 30 iyul butun dunyoda “Xalqaro do‘stlik kuni” sifatida keng nishonlanadi. Har yili mazkur bayram diyorimizda ham ko‘p millatli xalqimiz tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olinadi.
Bugun poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Umummilliy hamjihatlikni mustahkamlash – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim asosi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda yurtimiz vakillaridan tashqari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy, Rossiya va AQSH kabi o‘lkalardan ziyolilar, siyosiy ekspertlar va tadqiqotchi olimlar ishtirok etdi.
Forum avvalida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mazkur sana munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ruslanbek Davletov yig‘ilganlarga o‘qib eshittirdi.
Konferensiya ishida umummilliy birdamlik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xalq diplomatiyasini rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni kuchaytirish masalalari asosiy muhokama markazida bo‘ldi.
Qayd etish joiz, “Xalqlar do‘stligi kuni” Vatanimizda bayram sifatida keng nishonlanishi mamlakatdagi barcha millatlarning birligi, qardoshligi, o‘zaro yordam va xilma-xil madaniy merosiga hurmat ulug‘lanishining yana bir dalili, desak bo‘ladi. Zero, jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, umummilliy hamjihatlik va do‘stlik muhitini mustahkamlash – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Qizg‘in ilmiy bahslar ruhida kechgan tadbir “Yangi O‘zbekistonda yagona fuqaroviy o‘zlikni shakllantirishning o‘ziga xos xususiyatlari: umummilliy totuvlik, bag‘rikenglik, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish va mustahkamlash” hamda “O‘zbekistonning xalqaro imijini oshirishda xalq diplomatiyasi mexanizmlari ahamiyati: Xorijiy davlatlar bilan do‘stlik va birodarlik munosabatlarini rivojlantirish, chet eldagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash zaruriyati” kabi sho‘’balar kesimida o‘tkazildi.
E’tiborli jihati, mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari O‘zbekistonning yagona xalqi sifatida o‘zlarining faol va fidokorona mehnatlari bilan yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shib kelmoqda. Birgina davlat fuqarolik xizmatida 5 mingga yaqin 35 ta millat vakillari mehnat qiladi.
Ayniqsa, mamlakatning siyosiy institutlari hisoblangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 12,7 foiz, mahalliy Kengashlarda 11,2 foiz deputatlarimiz turli millat va elatlar vakillari hisoblanadi. Bunday yutuqlarning chegarasi yo‘q, jamiyatning har bir jabhasida millatlararo totuvlik, hamjihatlik o‘z aksini topganligini kuzatish mumkin.
Umuman olganda, “O‘zbekiston – yagona Vatan!” shiori ostida yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Do‘stlik” festivali mamlakatdagi ko‘p millatli jamiyatning yakdilligi va hamjihatligi, millatlararo munosabatlarning do‘stona asosda rivojlanib borayotganining yorqin ifodasi hisoblanadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/xPv_-UTqrWw?si=55NaSmi91Uwlwapd" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘.Alimov, N.Abduvoitov (video), O‘zA