French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millatlararo totuvlik va ahillik – xalqimizning katta boyligi
10:28 / 2021-08-04

Prezidentimizning farmoniga muvofiq, mamlakatimizda ilk bor nishonlangan Xalqlar do‘stligi kunida bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida ikki nafar farg‘onalik ham bor.

Farg‘ona viloyati hokimligida mazkur mukofotlarni hamda turli millat vakillariga "Xalqlar do‘stligi" ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbanov, viloyat hokimining o‘rinbosari Jamshid Hatamov yurtimizda turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tinchlik-osoyishtalik, barqarorlikni saqlash yo‘lida olib borilayotgan oqilona islohot, amaliy chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdi.

Mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va ahillik – xalqimizning katta boyligi, barqaror hayotimiz asosidir. Viloyatda yuzga yaqin millat vakillari ahil-inoqlikda yashab, har jabhada mehnat qilmoqda, yaratilgan imkoniyatlardan foydalanmoqda. bugungi kunda 8 ta milliy madaniy markaz samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular uchun viloyat markazida “Do‘stlik uyi” tashkil qilinib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi.

Farg‘ona viloyati rus milliy madaniy markazi raisi Galina Akopdjanovaga “Mehnat shuhrati” ordeni, So‘x tumanidagi “Sarikanda” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahodir Safoyevga “Shuhrat” medali topshirildi. Bundan tashqari ijtimoiy-siyosiy hayotning turli jabhalarida mehnat qilayotgan yana 10 nafar farg‘onaliklar “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandilar.

-Anklav hududida joylashgan So‘x tumani ahli uchun hamisha Prezidentimiz, davlatimizning yuksak mehr va e’tiborini his etib yashash muhim ahamiyatga ega, -deydi Bahodir Safoyev. -Boisi bu bizga katta kuch, g‘ayrat-shijoat baxsh etib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchimizni yuksaltiradi.Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim oila a’zolarim, mahalladoshlar, barcha so‘xliklarni behad mamnun etdi. Shaxsan o‘zim bu mukofotni amalga oshirishim kerak bo‘lgan ezgu ishlar uchun oldindan berilgan rag‘bat sifatida qabul qildim. Demak, bundan keyin ham xalqimizning tinch-osoyishta, farovon yashashi uchun xizmatda astoydil kamarbastaman.

Milliy madaniy markazlar rahbarlariga “O‘zbekiston umumiy uyimiz” kitobi va “O‘zbekiston” jurnallarining maxsus sonlari ham topshirildi.

[gallery-3278]

M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA