Samarqand shahrida Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Dastlab, viloyat yoshlar markazida viloyatdagi milliy-madaniy markazlar rahbarlari, turli millatlar vakillari ishtirokida ko‘rgazma va konsert dasturi namoyish etildi.
Samarqand viloyatida 100 dan ortiq millat va elat vakillari ahil, bir oila bo‘lib hayot kechirmoqda. 11 milliy-madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular o‘z milliy an’ana va qadriyatlari, urf-odatlarini saqlab qolish va davom ettirishlari uchun barcha imkoniyatlarga ega. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan “Do‘stlik uyi” tashkil etilgan va bu maskanda barcha milliy-madaniy markazlar, viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun xonalar ajratilib, zarur sharoit yaratilgan.
Ko‘rgazmada har bir milliy-madaniy markaz o‘z millatiga xos kiyim-kechak va buyumlar, taomlar, hunarmandlik mahsulotlari namunalarini namoyish etdi. Konsert dasturi ham turli millatlarning kuy-qo‘shiq va raqslaridan iborat bo‘ldi.
[gallery-24535]
Tadbirda viloyat hokimligi mas’ullari ishtirok etib, yig‘ilganlarni Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabrikladi.
– Garchi Xalqlar do‘stligi kuni 30 iyulga belgilangan bo‘lsa-da biz – ko‘p millatli Samarqand ahli bir necha kundan buyon ushbu sanani nishonlayapmiz, – deydi Koreys milliy-madaniy markazi rahbari Larisa Soy. – Bu yurtimizdagi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, xalqparvar davlat siyosati samarasi deb bilamiz. O‘zbekistonda, xususan, Samarqandda koreys millatiga mansub aholining o‘z an’ana va qadriyatlari asosida hayot kechirishlari uchun hech qanday monelik yo‘q. Aksincha, viloyat va shahar hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari doim faol qo‘llab-quvvatlashadi. Mahallalarda ham bir necha millat vakillari totuv umr kechiryapmiz. Bu albatta, kecha davlatimiz rahbari tomonidan yo‘llangan tabrikda qayd etilganidek mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikning muhim omili bo‘lgan millatlararo munosabatlarni rivojlantirish yurtimizda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab olingani samarasidir.
Tadbirlar viloyat “Do‘stlik uyi”da davom etdi. Bu yerda viloyatdagi milliy-madaniyat markazlari rahbarlari va vakillariga, shuningdek, aholi o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faollarga viloyat hokimligining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari