Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8 may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan uchrashuvni katta qiziqish bilan kuzatdim. Unda davlatimiz rahbari odatdagidek, mamlakatimiz taraqqiyoti, tinchligi, barqarorligi, xalqimizning ahilligi bilan bog‘liq juda dolzarb masalalarga to‘xtaldi. “Bizning eng katta boyligimiz – O‘zbekistonni o‘zi uchun yagona Vatan deb biladigan ko‘pmillatli buyuk xalqimizdir”, – dedi davlatimiz rahbari.
Darhaqiqat, jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo do‘stlik va ahillikni, bebaho xazinani ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimizdir. Chunki ahillik, totuvlik bor joyda baraka bo‘ladi, unum bo‘ladi. Noahil muhit hukmron surayotgan zaminlarda qon daryo bo‘lib oqayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Shu sababdan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni asrash va mustahkamlash bundan keyin ham davlatimiz ichki va tashqi siyosatining eng muhim vazifasi bo‘lib qolaveradi. Mamlakatimizda el-yurtimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash uchun “xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla”, “xavfsiz ko‘cha” konsepsiyalarining jadal amalga oshirilayotgani ham bejiz emas, deb o‘ylayman. Bu fuqarolararo totuvlik, millatlararo do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qimoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzidagi ikki yuzga yaqin davlatda 7 milliard 700 million kishini tashkil etadigan, 7000 til va lahjada gaplashadigan aholi istiqomat qiladi. Jahonning etnik xaritasiga e’tibor bersak, bugungi kunda dunyoda miqdoran bir necha yuztadan tortib bir necha yuz millionni tashkil etadigan 2000 ga yaqin har xil millat va elatlar yashayotganining guvohi bo‘lamiz. Shunday ekan, millatlararo bag‘rikenglik, ular orasida o‘zaro hurmat va do‘stona aloqalarni o‘rnatish dunyoda barqarorlik, osoyishtalikni ta’minlashning asosiy omili bo‘lib qolaveradi.
O‘zbekistondagi barqarorlikni hamda davlat va jamiyat taraqqiyotini mamlakatda istiqomat qiladigan 136 dan ortiq millat va elatning o‘zaro totuvligisiz, rasman ro‘yxatdan o‘tgan 16 diniy konfessiya vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik munosabatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Millatlararo hamda dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning uzviy qismidir.
“Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ham jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga doir qator vazifalar belgilandi. Unda milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari qayd etildi. Uning asosida millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi izchil amalga oshiriladi.
Turli millat yoshlari uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati yuksaltiriladi. Bundan tashqari, xorijiy tillarda faoliyat yuritayotgan hamda millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosatini yoritayotgan ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari ishlab chiqiladi. Shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida do‘stlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida, avvalo, inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadi turadi. Fuqarolar manfaatlarini faqatgina tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yaratish orqali ta’minlash mumkin. Bugun dunyo ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar bilan bog‘liq inqirozlarga duch kelgan bir sharoitda ko‘plab mintaqalarda millatlararo va konfessiyalararo ziddiyatlar kuchayayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Shu bois, boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish uchun birdamlikni saqlash muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda aholining ko‘p millatli bo‘lishiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning qulay omili sifatida qaralmoqda. Ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni saqlash, dinlararo va millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish hisobiga xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘si oshib bormoqda.
Yangilangan Konstitutsiyada turli millat va din vakillarining o‘z salohiyatini to‘laqonli amalga oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun konstitutsiyaviy kafolatlar belgilangan. Bunda, eng avvalo, fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarini, ularning qonun oldida tengligini ta’minlash alohida e’tiborga olingan. Mazkur sohada O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy tamoyillari sirasiga fuqarolarning teng huquqliligi, ijtimoiy adolat, qonun ustuvorligi, millat va elatlarning madaniy, til va diniy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlarini o‘zaro hurmat qilish kiradi. Konstitutsiyaviy kafolatlar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, fuqarolarga jamoat va davlat qurilishida ishtirok etishni ta’minlaydi.
Mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida ijobiy va o‘zaro hurmatga asoslangan muhitni mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida millatlararo va dinlararo munosabatlarning yangi modeli yaratildi. Ushbu model turli millat va din vakillari o‘rtasidagi millatlararo va dinlararo muloqot, konstruktiv yondashuv va barcha fuqarolarning qonun oldida tengligiga asoslanadi.
Shu ma’noda, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va din sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatda ushbu sohalarda yangicha yondashuv va strategik maqsadni birlashtirgan tizim shakllanishiga xizmat qildi. Mazkur tizimning muvaffaqiyati esa yurtimizda tinchlikni saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, barqaror rivojlanish uchun zamin yaratmoqda. Zero, zamonaviy davlatning bosh maqsadi jamiyatda hamjihatlik va barqarorlik, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini ta’minlashdan iborat. Bu borada Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyaning yangi tahriri nafaqat jamiyat va davlat taraqqiyotini belgilovchi oliy darajadagi siyosiy-huquqiy hujjat bo‘ldi, balki mamlakatimizda yashovchi har bir fuqaroning munosib turmush tarzini kafolatlovchi muhim asos vazifasini o‘taydi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning boyliklari ko‘p, lekin eng katta boylik, eng yuksak qadriyat – jamiyatda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikdir. Zero, bugungi davrda hayotning o‘zi turli millat, e’tiqod va din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik hukm surgan sharoitdagina umumiy xonadonimiz bo‘lgan Vatanimiz va jamiyatimiz, har birimizning oila-ro‘zg‘orimiz, farzandlarimiz kelajagini ta’minlashga erishish mumkinligini ko‘rsatib turibdi.
Toshpo‘lat Matibayev,
Xalq deputatlari Toshkent shahar
Kengashi raisi o‘rinbosari,
sotsiologiya fanlari doktori, professor