Davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri inson qadr-qimmati, ko‘p millatli xalqimizning orzu-umidlari, intilishlarini ro‘yobga chiqarish, munosib hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdir.
Hayotimizning barcha jabhalarida aholimizning turli millat va elatlar bilan o‘zaro tushunish, hamjihatlikda azaliy qadriyatlarimiz hisoblanmish do‘stona munosabatlarning bardavomligini ta’minlash O‘zbekiston siyosatida alohida diqqatga sazovor yo‘nalishdir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bu masalaga katta e’tibori millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik davlatimizda barqarorlikni mustahkamlashga, xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilishidadir.
Aholining aksariyatini o‘zbek millati tashkil etishi bilan bir qatorda, yurtimizda 130 dan ziyod boshqa turli millat va elat vakillari yashaydilar.

Bu borada millati, tili, dini, turli-tuman qarashlari bo‘lgan fuqarolarimizning huquqlarini kamsitmaslik, ularning tenglik sharoitida yashab rivojlanishlari uchun maxsus strategiya ishlab chiqildi va u amalda o‘z samarasini bermoqda.
2017 yilda Hukumat huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi, har bir viloyatda millatlararo totuvlikni, bag‘rikenglikni ta’minlash maqsadida jamoatchilik kengashlari tuzildi. Turli millat vakillarining hokimiyat organlaridagi ishtiroki o‘sib bordi. Xususan, Oliy Majlisda ularning ulushi 13%, Senatda 8%, mahalliy kengashlarda 10%ni tashkil etmoqda. Milliy madaniy markazlar uchun viloyatlarda do‘stlik uylari ochildi, markazlarning muntazam faoliyat olib borishi uchun grantlar ajratildi va tabiiyki, ularning soni ko‘payib, hozirda 147 tani tashkil qilmoqda.
So‘nggi yillarda xorijdagi vatandoshlarimizga ham e’tibor va munosabat tubdan o‘zgardi. Amalga oshirilayotgan ishlar fuqarolarimizning xalqaro axborotlar almashinuviga, vatandoshlarimiz bilan yaqin munosabatlar o‘rnatishga va turli sohalardagi faoliyatni rivojlantirish, zamonaviy, innovatsion loyihalar bilan ishlash imkoniyatlarini kengaytirdi. Bu esa o‘z navbatida yurtimiz ravnaqiga xizmat qilmoqda.
2018 yilda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan hamkorlik qilish borasida konsepsiya qabul qilindi. Ayni paytda xorijdagi vatandoshlarning 150 dan ortiq tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Ular bilan oxirgi besh yilda 400 dan oshiq uchrashuvlar o‘tkazildi. Shu davr mobaynida xorijdagi vatandoshlarimizning «oltin daftari» yaratildi, ulardan 125 ta turli soha va yo‘nalishlarning rivojiga oid loyihalar taklif sifatida qabul qilindi. Vatandoshlarimizning 7 mingga yaqin dolzarb ilmiy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan ishlari elektron reyestri shakllantirildi.
Xorijda ta’lim olayotgan O‘zbekiston yoshlari bilan ishlash, kelajakda ularning salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida O‘zbekistonga qaytganidan keyin ish bilan ta’minlash masalalarida ham ko‘maklashish yo‘lga qo‘yildi. Kelib chiqishi asli o‘zbekistonlik bo‘lganlar uchun besh yillik, yirik xorijiy investorlar uchun o‘n yillik viza joriy etildi. Xorijdagi vatandoshlarimizga tegishli OAVning O‘zbekistondagi akkreditatsiyasi soddalashtirildi. Bu esa o‘z navbatida ularning O‘zbekistondagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayot haqidagi axborotlarga ega bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Chet mamlakatlar bilan do‘stlik jamiyatlarining soni ham keyingi yillarda 38 taga yetdi. Xalqlar o‘rtasida ishonch va yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro muloqotni kuchaytirish maqsadida SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi. Yurtimizda millatlararo munosabatlarni rivojlantirishda etnografiya va antropologiya yo‘nalishida ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni olib borish maqsadida 2019-2020 yildan boshlab oliy ta’lim tizimida 95 talaba bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida tahsil olmoqda, maxsus laboratoriya va kafedra tashkil etildi. Jamiyatimizda barqarorlik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash maqsadida ekstremizm, ksenofobiya, irqchilik kabi qo‘poruvchilik va zararli g‘oyalarning urchishining oldini olish maqsadida 10 ga yaqin tadqiqotlar olib borilmoqda.
Muxtasar aytganda, O‘zbekistonda shakllantirilgan millatlararo munosabatlar strategiyasi jamiyatning barqaror rivojlanishi, tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlashga, xalqimizning farovon va xavfsiz hayot kechirishiga xizmat qiladi.
Lola Saidova,
Yuridik fanlar doktori,
professor, SMTI bosh ilmiy xodimi