Bugungi kunda yurtimizda turli millat va din vakillari bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik tamoyillari asosida tinch va totuv hayot kechirmoqda. Mana shunday ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash maqsadida “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida barcha hududlarda turli madaniy va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Shulardan biri Toshkent fotosuratlar uyida tashkil etilgan “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” nomli fotoko‘rgazmadir.

Ko‘rgazmada Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi va milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va din vakillarining turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari aks ettirilgan 100 dan ortiq asarlar namoyish etildi.

— “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” nomli fotoko‘rgazma yurtimizda turli millat va din vakillari orasidagi bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlikni yorituvchi muhim ijtimoiy tadbir bo‘lib xizmat qiladi, — deydi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olim Narzullayev. – Ko‘rgazmada namoyish etilgan 100 dan ortiq asarlar orqali tashrif buyurganlar yurtimizdagi madaniy xilma-xillik va tinchlik muhitini his eta oldi. Bunday tadbirlar millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash, ma’naviy boylikni asrab-avaylash va barcha avlodni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.
Nigora Rahmonova,
O‘zA