Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millatlararo do‘stona aloqa o‘rnatish orqaligina dunyoda osoyishtalikni ta’minlash mumkin
17:30 / 2022-07-29

Shu kunlarda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchilik masalasi bo‘yicha Oliy komissari K.Abdraxmanov boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Mehmonlar tashrif doirasida O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida bir qator davlat tashkilotlari va milliy madaniy markazlarda uchrashuv o‘tkazmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida tashkil etildi.

Qo‘mita raisi R.Qurbonov bilan kechgan suhbatda mamlakatimizda turli millat va elatlarning madaniyati, tili, urf-odati va an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi. Jumladan, mamlakatimizda 152 milliy madaniy markaz, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan 36 do‘stlik jamiyati muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 

2021 yil Prezidentimiz tomonidan imzolangan qonun asosida “30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni” sifatida keng nishonlana boshlandi. Millatlararo munosabatlar va do‘stlik aloqalarini rivojlantirishga hissa qo‘shib kelayotgan vatandoshlar va xorijlik hamkorlar faoliyatini munosib taqdirlash maqsadida “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni ta’sis etilgani ham davlatning ushbu yo‘nalishga e’tibori yuqori ekanidan dalolat.

Shuningdek, respublikamizning barcha hududlarida turli millat vakillari uchun o‘z tili, madaniyati, urf-odatini saqlab qolish va keyingi avlodlarga yetkazish uchun zarur sharoit, imkoniyat yaratilgani qayd etildi. Erishilayotgan yutuqlar aynan davlat tomonidan berilayotgan e’tibor samarasi ekani ta’kidlandi.

K.Abdraxmanov ham o‘z navbatida O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatda istiqomat qilayotgan har bir millatga alohida e’tibor qaratilayotgani, ko‘zlangan maqsadga erishish yo‘lida tanlangan mexanizm puxta o‘ylanganini, xususan, 28 iyul kuni Farg‘ona viloyatidagi milliy madaniy markazlar faollari bilan kechgan uchrashuvda ham bunga guvoh bo‘lganini e’tirof etdi. Farg‘ona shahrida muhtasham “Do‘stlik uyi” barpo etilib, turli millat vakillari ixtiyoriga topshirilgani mamlakatda millatlararo munosabatlar nechog‘li to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan darak berishini ta’kidladi.

- Millatlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va do‘stona aloqa o‘rnatish orqaligina dunyoda barqarorlik, osoyishtalikni ta’minlash mumkin, - deydi K.Abdraxmanov. - Bu borada O‘zbekistonning jahon hamjamiyati oldidagi tashabbuslari hamda mamlakatda bu borada olib borayotgan oqilona siyosat xalqaro miqyosda ham munosib baholanmoqda.

bugungi kunda O‘zbekistondagi barcha bayramlar milliy madaniy markazlarning ijodiy chiqishlari, konsert dasturlari bilan yanada shukuh kasb etishi, o‘zgacha joziba bilan o‘tishi an’anaga aylangan. Bu yurtimizda barcha millatlar madaniyati hurmat qilinishidan dalolat.

O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshirilayotgan “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari doirasida bunyodkorlik ishlarida ham barcha millatlar manfaati hisobga olinganiga e’tibor qaratildi. Jumladan, Jizzax viloyatidagi qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar istiqomat qiluvchi “Manas” qishlog‘ida davlat tomonidan kapital qurilish ishlari olib borilishi natijasida 45 kun ichida yangi zamonaviy qishloq barpo etildi. Bu boshqa millat vakillariga Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tiborning yana bir namunasidir.

Go‘zal Sattorova, O‘zA