Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida yurtimizdagi barcha millat va elatlar vakillarining o‘zaro tengligi va birdamligini, ularning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etuvchi “O‘zbekiston - yagona Vatan!” shiori ostida anjuman tashkil etildi.
Tumanning eng fayzli maskanlaridan biri hisoblangan Aqchako‘l turistik majmuasida o‘tkazilgan ushbu festivalda korxona, tashkilot, muassasa, o‘quv yurtlari rahbarlari, Orolbo‘yida faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlarning faollari, yoshlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari jam bo‘lishdi.
Bayram ishtirokchilari dastlab milliy madaniy markazlar tomonidan milliy liboslar, buyumlar va kitoblar ko‘rgazmasi, tumandagi sanoat korxonalari, klasterlar va fermer xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqarilayotgan yangi mahsulotlar ko‘rgazmalari bilan yaqindan tanishishdi.

Tantanali tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev, O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Q.Sariyevlar tadbir ishtirokchilarini bayram bilan qutlab, Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda xalqlar do‘stligini mustahkamlash va o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar haqida gapirishdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 30 iyul mamlakatimizda “Xalqlar do‘stligi kuni” sifatida keng nishonlanmoqda. Ushbu sana yurtimiz ijtimoiy hayotida muhim o‘rin tutadi va zamonaviy O‘zbekistonning asosiy qadriyatlari – tinchlik, o‘zaro hurmat, yaxshi qo‘shnichilik va millatlararo totuvlikni aks ettiradi.
Ko‘p asrlik bag‘rikenglik va madaniyatlararo muloqot an’analariga ega bo‘lgan O‘zbekistonda bugun 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Har bir xalq mamlakat taraqqiyotiga — iqtisodiyoti, ilm-fan, madaniyati, jamiyat hayotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, xalqaro shartnoma davlat barqarorligi va rivojlanishining eng muhim shartidir.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 19 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu yilning 31 iyuliga qadar mamlakatimiz bo‘ylab “Do‘stlik” festivali doirasida keng ko‘lamli tadbirlar: konsertlar, ko‘rgazmalar, taqdimotlar, milliy madaniyat markazlari vakillari bilan uchrashuvlar, urf-odatlar, hunarmandchilik, milliy taomlar va xalq amaliy san’ati namunalari namoyishi bo‘lib o‘tmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va ishonchni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlashni rivojlantirishdan iborat.
Anjuman yakunida katta konsert bo‘lib o‘tdi. Unda turli millat vakillari o‘zlarining milliy liboslarida raqslar, qo‘shiqlar va an’anaviy chiqishlar bilan tomoshabinlar qalbini zabt etishdi. Millatlar o‘rtasidagi bag‘rikenglik va birodarlik ruhi har bir ishtirokchining yuragini band ayladi.
“Xalqlar do‘stligi kuni”ga bag‘ishlangan tadbirlar Orolbo‘yida davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri