O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Olim Narzullayev Andijon viloyatida bo‘lib, milliy madaniy markazlar viloyat bo‘limlari faoliyatini o‘rgandi.
Andijon shahridagi “Do‘stlik uyi”da qirg‘iz, rus, uyg‘ur, arman va koreys milliy madaniy markazlari Andijon viloyati bo‘limlari faollari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona milliy siyosat sabab O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar shakllanganligi, ularning tili, milliy an’ana va urf-odatlarini saqlash, rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-27965]
Bugungi kunda Andijon viloyatida beshta – rus, uyg‘ur, qirg‘iz, koreys hamda arman milliy-madaniy markazlar bo‘limlari samarali faoliyat yuritmoqda. Turli millat vakillari yashaydigan Xo‘jaobod, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa, Marhamat tumanlari hamda Andijon, Xonabod shaharlari, umuman, viloyatda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz”, “Biz bir oila farzandimiz” shiorlari ostida turli tadbirlar, do‘stlik festivallari o‘tkazilishi an’anaga aylangan.
Milliy madaniy markazlar viloyat bo‘limlariga “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostida o‘tkaziladigan tadbirlarda jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash, yurtimizda yashayotgan turli millat va elatlar vakillarining milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarini keng namoyish etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA.