Bugungi globallashuv davrida millatlararo va xalqaro munosabatlar murakkab, lekin juda muhim masala sifatida ko‘zga tashlanadi. Migratsiya, madaniy ixtiloflar va global muammolar kuchayib borayotgan bir paytda dunyoning barcha davlatlari uchun fuqarolar o‘rtasida totuvlik, o‘zaro hurmat va do‘stlik muhitini ta’minlash strategik ahamiyatga ega.
Shu maqsadda 2011 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 30 iyul “Xalqaro do‘stlik kuni” sifatida rasmiy e’lon qilindi. Ushbu kunning maqsadi do‘stlikning insonlar, jamiyatlar va davlatlar o‘rtasidagi tinchlik, hamkorlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashdagi muhim o‘rnini ta’kidlashdir. BMT do‘stlikni nafaqat shaxsiy munosabatlar, balki millatlar va madaniyatlar o‘rtasidagi uyg‘unlikning muhim omili sifatida e’tirof etdi.
Xalqaro do‘stlik kuni barcha davlatlar, tashkilotlar va fuqarolik jamiyatlarini do‘stlik va tinchlikni targ‘ib qilishga undaydi. Ushbu kunda turli madaniy tadbirlar, festivallar, muloqotlar va aksiyalar tashkil etilib, ular orqali aholi o‘rtasida bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va hamkorlik ruhi targ‘ib qilinadi.
O‘zbekiston ko‘p millatli davlat sifatida Xalqaro do‘stlik kunini nishonlashda faol ishtirok etib kelmoqda. 2021 yildan boshlab mamlakatimizda bu kun “Xalqlar do‘stligi kuni” sifatida belgilangan bo‘lib, turli millat va elatlarning do‘stligi, o‘zaro hurmati va birdamligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekistonda yashovchi 130 dan ortiq millat va elat vakillari, shuningdek, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari ushbu kunda turli madaniy tadbirlar, konsertlar, ko‘rgazmalar va forumlar tashkil etib keladi.
Umuman, mamlakatimizda bu borada muhim islohotlar amalga oshirilib, millatlararo munosabatlarni mustahkamlash yo‘lida qat’iy qadamlar tashlanmoqda. Xususan, 2025 yil 19 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmon mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, barcha fuqarolarning teng huquq va imkoniyatlarini ta’minlash, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirish va umummilliy birdamlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi.
O‘zbekiston ko‘p millatli davlat sifatida o‘z tarixi davomida turli etnik guruhlar va madaniyatlarning uyg‘unligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat bergan. Xususan, yuqoridagi farmon mamlakatda yashovchi barcha millat va elatlarning umummilliy taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash orqali yagona fuqaroviy o‘zlikni shakllantirishga qaratilgan. Unda belgilangan vazifalar millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, do‘stlik, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlash orqali mamlakatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Farmonning yana bir muhim jihati xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan yangi mexanizmlarni joriy etishdir. Xususan, “Uz Global Think” forumi va “Vatandoshlar” jamoat fondi orqali xorijdagi o‘zbek diasporalarining milliy o‘zligini saqlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini mamlakat taraqqiyotiga yo‘naltirishga alohida e’tibor berilgan.
Millatlararo munosabatlarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan mazkur farmon nafaqat mamlakat ichidagi milliy hamjihatlikni mustahkamlash, balki xorijdagi vatandoshlarni Vatanga yaqinlashtirish, xalq diplomatiyasini kuchaytirish va davlat siyosatida inklyuzivlikni ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi.
Umuman olganda, Xalqlar do‘stligi kuni yangi O‘zbekistonda millatlararo munosabatlarning muhimligini ta’kidlash, barcha fuqarolarning umummilliy maqsadlarga birlashishini rag‘batlantirish uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi. Bu kundagi tadbirlar mamlakatdagi madaniy xilma-xillikni e’tirof etish va umummilliy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
I.Xo‘jaxonov,
O‘zMU huzuridagi “Amaliy etnologiya”
laboratoriyasi katta ilmiy xodimi
O‘zA