English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Millatlarapo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashda parlamentning roli» forumi bo‘lib o‘tdi
15:52 / 2021-06-25

Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida «Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashda parlamentning roli» mavzusida parlament forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan milliy-madaniy markazlar va diniy konfessiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Forumni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majilisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov hamda Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong kirish so‘zi bilan ochdi.

Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, professor Rustam Xolmurodov millatlararo munosabatlar sohasidagi faoliyat ustidan parlament nazorati mexanizmi borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – millatlararo munosabatlarda totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘p millatli katta yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishga yo‘naltirilgan keng miqyosdagi ishlarni amalga oshirmoqda.

bugungi kunda mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari taqdim etgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida va ijtimoiy, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilib, Vatanimizning gullab-yashnashiga va uning mustaqilligini mustahkamlashga, respublikaning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va imijini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar.

Shu bilan birga, xalqaro va mintaqaviy munosabatlarda davom etayotgan globallashuv va transformatsiya, dunyoda iqtisodiy, siyosiy, milliy, diniy va boshqa ziddiyatlar kuchayib, axborot va kibermakonlarida qarama-qarshi kurash ortib borayotgan bir sharoitda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida o‘z yechimini kutayotgan bir qator dolzarb masalalar saqlanib qolmoqda.

O‘zbekistonda aholining ko‘p millatli bo‘lishiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning qulay omili sifatida qaralmoqda. Ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni saqlash, dinlararo va millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish hisobiga xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘si oshib bormoqda.

Xususan, mamlakatimizdagi davlat ta’lim muassasalarida o‘qitish yetti tilda olib boriladi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘z ko‘rsatuvlarini o‘n ikki tilda namoyish etmoqda, o‘ndan ortiq tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi qoshida 138 milliy madaniy markaz, bundan tashqari, 16 konfessiyaga tegishli 2300 ga yaqin diniy tashkilot faoliyat yuritadi.

Bu borada yaxlit, chuqur o‘ylangan siyosat va uni amalga oshirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilib, millatlararo munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilmoqda. Bu islohot va o‘zgarishlar negizida konstitutsion huquq va kafolatlar yotganini alohida qayd etish lozim.

Mamlakatimizda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda millatlararo munosabatlar sohasidagi faoliyat samarali bo‘lishi ushbu faoliyat ustidan Parlament nazoratining o‘rnatilishiga bog‘liq. Buning uchun Parlament nazorati millatlararo munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladigan qonun, farmon va qarorlarga rioya etilishini ta’minlashga qaratilishi lozim.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mamlakatimizda millatlararo munosabatlar sohasida ijobiy va o‘zaro hurmatga asoslangan muhitni mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarning yangi modeli yaratildi. Ushbu model turli millat va din vakillari o‘rtasidagi millatlararo va dinlararo muloqot, konstruktiv yondashuv va barcha fuqarolarning qonun oldida tengligiga asoslanadi.

Shu ma’noda, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalari sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatda ushbu sohalarda yangicha yondashuv va strategik maqsadni birlashtirgan tizim shakllanishiga xizmat qildi. Mazkur tizimning muvaffaqiyati esa yurtimizda tinchlikni saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, barqaror rivojlanish uchun zamin yaratmoqda. Zero, zamonaviy davlatning bosh maqsadi jamiyatda hamjihatlik va barqarorlik, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini ta’minlashdan iborat...

Forumda, shuningdek, Roman Zagrebelnыy, Samarqand «Xram v chest Pokrova Bojiyey Materi» cherkovi rohibi, turli millatlar madaniyat markazlari direktorlari dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik borasida fikr almashdilar.

 

Otabek Sa’dullayev,

SamDU Axborot xizmati xodimi.

O‘zA

Baxtiyor Mustanov (surat)