Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millatlar totuvligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam
10:03 / 2025-09-25

Munosabat

Har bir inson dunyoga kelib, hayot kechirar ekan, kamolotga yetishishni, baxtini o‘zi istaganidek barpo etishni o‘z oldiga maqsad qilib oladi. Bu intilishlarning ro‘yobi esa, u umrguzaronlik qilayotgan mamlakatning tinch-totuvligi, osoyishtaligi bilan chambarchas bog‘liq.

Bugungi tahlikali zamon barcha uyg‘oq qalb egasini jumbushga keltirib, tafakkur qilishga majbur qilayotgani ayni haqiqat. O‘z mamlakati tinchligini ta’minlash barobarida, butun dunyo aholisi osoyishta va baxtli hayot kechirishi, halovat tuyib, ertangi, yorug‘ kuniga ishonch bilan yashashi yo‘lida betinim sa’y-harakat qilib kelayotgan mamlakat rahbarlari, arboblar orasida yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning borligi qalbimizni cheksiz iftixorga to‘ldiradi.

Bugun dunyo hamjamiyati, yirik siyosatchi va olimlar diqqat-markazida turgan, qizg‘in ijobiy muhokamalarga sabab bo‘layotgan – yurtboshimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqi bu boradagi ezgu g‘oyalarning katta amaliy ifodasi bo‘ldi.

Nutqda kutilganidek, Afg‘onistonga dunyo hamjamiyati e’tiborini yana bir bor qaratish masalasi diqqat-markazida bo‘ldi.

“Global va mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish haqida gapirganda, albatta, Afg‘oniston to‘g‘risida to‘xtalmaslik mumkin emas.Afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarur. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhimdir. Biz Afg‘onistonda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchimiz” dedi davlatimiz rahbari.

Darhaqiqat, Afg‘onistonning har tomonlama ravnaq topishi, xalqi ma’naviyatini yuksaltirishda hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan ishlar dunyo e’tibor markazida va bu tashabbuslar yuqori baholab kelinmoqda.

Prezidentimiz o‘z nutqida, shuningdek, ushbu mamlakat orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha Tashkilotning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif qildi. Qolaversa, G‘azo sektoridagi tobora yomonlashib borayotgan gumanitar inqirozni ham chetlab o‘tmadi. Dunyo hamjamiyatini harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi.

Darhaqiqat, bu borada “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyili barqaror rivojlanib borayotgan va dunyoga o‘z so‘zini aytib kelayotgan mustaqil O‘zbekistonimizning ham qat’iy pozitsiyasiga hamohangligi diqqatga sazovor.

Eng ahamiyatlisi, Xalqaro terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish taklifi berildi va buning uchun yurtimizda zarur shart-sharoitlar mavjudligi bildirildi.

Ishonamanki, milliy, jonajon tilimiz, Navoiyning tili bo‘lmish o‘zbek tilida yangragan nutq yaqin kunlarda o‘zining amaliy ifodasini topib, O‘zbekiston nufuzini bir necha barobar yuksaltiradi.

Shohista NIYOZOVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 

Buxoro viloyati bo‘limi rahbari v.v.b.