Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millatimiz tarixi va ravnaqiga daxldor “Buyuk tarix” nomli hujjatli serial ishlanadi 
07:39 / 2023-09-14

Yurtimiz o‘zining boy tarixi, o‘tmishi, ajdodlarimizning ilmiy, ma’naviy merosi bilan dunyoga mashhur. Uch ming yillik davlatchilik tariximizni, boy madaniy merosimizni targ‘ib etish, ayniqsa, yosh avlod vakillariga, qolaversa, dunyo jamoatchiligiga yetkazish bugungi avlod vakillarining vazifasidir.

Prezidentimizning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida har bir davrda hayot-mamot masalasi bo‘lgan ta’lim-tarbiya, ilm-ma’rifat, madaniyat va san’at, milliy o‘ziga xoslikni saqlash borasida talay maqsadlar nazarda tutilgan. Zotan, har bir millatning o‘zligi uning ma’naviyati, madaniyati, san’ati, o‘tmish tarixi bilan bevosita bog‘liqdir. 

Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yurtimizning uch ming yillik davlatchilik tarixiga bag‘ishlangan “Buyuk tarix” nomli 100 qismdan iborat hujjatli serial ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi. 

Bunda hujjatli serialning umumiy konsepsiyasi, badiiy-g‘oyaviy mazmuni, mavsumlar va qismlarning mazmun-mohiyati belgilab olinib, har yili kamida 15 ta qismni yaratish nazarda tutilgan. 

Shuningdek, hujjatli serialni “Discovery”, “History”, “National geographic”, “BBC” kabi xalqaro miqyosdagi telekanallarda namoyish etish choralarini ko‘rish masalasi ham o‘z aksini topgan. 

Qayd etish joizki, hujjatda belgilangan ushbu maqsad millatimiz rivoji, uzoq davlatchilik tariximiz, ajdodlarimizning dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini o‘rganish va targ‘ib etishda alohida ahamiyatga ega.

Boy tariximizga bag‘ishlanadigan hujjatli serial millat ruhi, ma’naviyati, madaniyati va uning asrlar silsilasidagi rivojlanish tarixiga daxldorligi bilan e’tiborga molik. 

Ayniqsa, bugun dunyoda kechayotgan ziddiyatli bir davrda har bir millatning o‘zligini saqlashga, madaniyatini, tarixini o‘rganishga bo‘lgan intilishi, harakati dolzarb masala. Shu ma’noda “Buyuk tarix” serialining ishlab chiqilishi tariximizga bo‘lgan hurmat, vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qiladi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA