30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni
Mana ikkinchi yildirki, mamlakatimizda 30 iyul - Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Bu kunni nishonlashdan asosiy maqsad esa turli millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, yurtimizda istiqomat qilib kelayotgan barcha millatlarning urf-odatlari va asriy qadriyatlarini yanada e’zozlashdan iborat.

bugungi kunda birgina “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJda 46 ming 600 nafardan ortiq ishchi-xodim ishlayotgan bo‘lsa, ular 40 ga yaqin turli millat va elat vakillaridir. Jumladan, ular orasida 2915 nafar qozoq, 1136 nafar rus, 559 nafar qoraqalpoq, 518 nafar tatar, 246 nafar turkman, 106 nafar ukrain, 44 nafar arab, 22 nafar nemis va boshqa millat vakillari bor. Muxbirimiz 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan turli millat vakillari bilan suhbatda bo‘ldi:
Oksana SIM, 2-gidrometallurgiya zavodi bo‘lim boshlig‘i:
– Men koreys qizi bo‘lsam-da, lekin ona Vatanim – O‘zbekiston! Bolaligimdan qozoq, o‘zbek, tojik, tatar va boshqa millat vakillari bilan birgalikda ulg‘aydim, maktabda bir partada o‘tirib bilim oldim. Men ishlayotgan zavodda ham turli millat vakillari hamjihatlikda bir oila bo‘lib ishlab kelmoqda. Ishim, tanlagan kasbim va ishxonam menga juda yoqadi. Millatlararo do‘stlik, inson qadri e’zozlangan yurt farzandi ekanligimdan faxrlanaman.

Andrey PESHKOV, 2-gidrometallurgiya zavodi bosh energetigi o‘rinbosari:
– Zavodda 30 ga yaqin millat vakillari bir oila bo‘lib ishlab kelyapmiz. Bu, albatta, ko‘p millatli jamoa ekanligimizni ko‘rsatadi. Barchamizga teng va bir xil imkoniyatlar yaratilgan. Mana 28 yildirki tizimda mehnat qilib kelyapman. Millatlararo hamjihatlik hukm surayotgan jamoamizda, mehr-oqibatli odamlar orasida ishlash men uchun sharaf. Shu bois bo‘lsa kerak, doimo yuksak mas’uliyat his etgan holda sevimli ishxonamga oshiqaman.

Chingiz TAXMAZOV, “Alpomish” sport majmuasi murabbiyi:
– 24 yildan buyon sambo bo‘yicha murabbiy, sport ustasi va xalqaro hakam sifatida faoliyat olib borish bilan bir qatorda, yuzlab chempionlarni tarbiyalaganimdan baxtiyorman. Ozar eli farzandi bo‘lsam-da, lekin shu tabarruk zaminda yashab, farovon hayot kechirib, halol mehnatim ortidan farzandlarimni elga qo‘shdim, shogirdlar yetishtirdim, ko‘plab yutuqlarga erishdim. Men shu buyuk mamlakat fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman.


O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev yozib oldi.