Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” ezgu tamoyilini amalga oshirish, fuqarolarning baxtiyor va farovon umr kechirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ayniqsa, to‘g‘ri yo‘ldan adashganlarning hayotini o‘nglashga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilmoqda.
Konstitutsiya kuni munosabati bilan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmon jamiyatda inson qadrini ulug‘lash, adolat va kechirimlik tamoyillarini qaror toptirishda muhim omil bo‘lib, xalqimizga xos bag‘rikenglik, insonparvarlik va mehr-oqibat kabi oliyjanob fazilatlarning yorqin ifodasidir.

Mazkur farmon ijrosi doirasida Namangan viloyatidan afv etilgan 37 nafar mahkum o‘z oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytdi. Ularning 27 nafari jazoni ijro etish muassasasidan bo‘shatilgan hamda 10 nafari esa ichki ishlar organining probatsiya hisobida jazo o‘tashdan ozod etilgan. Afv etilgan shaxslardan 20 nafari profilaktik va 17 nafari probatsiya hisobiga olindi.

Afv qilingan 27 nafar shaxsning har biriga Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan bir martalik moddiy yordam pullari berildi hamda hududiy tibbiyot birlashmalariga qarashli shifo maskanlarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
– Davlatimiz rahbarining afv etishga qaratilgan farmoni mahkumlarga o‘z oilasiga va jamiyatga qaytib, bundan buyon Vatanimizda olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lish imkoniyatini bermoqda, – deydi Namangan viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya boshqarmasi katta inspektori, mayor Abror Jabborov. – Jumladan, oilalar bag‘riga qaytarilganlar orasida probatsiya ro‘yxatida turgan barcha shaxslarning bandligi ta’minlandi. Ularga o‘zlari qiziqqan yoki tanlagan sohalari bo‘yicha korxona va tashkilotlarga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi.

Ular orasida tadbirkorlik qilish istagini bildirganlarga kichik biznes va hunarmandchilikni yo‘lga qo‘yish uchun dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi berildi. Natijada, sakkiz nafariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga amaliy ko‘mak berildi. Qolaversa, jazodan ozod etilgan 35 kishining doimiy bandligi ta’minlandi. Ularning to‘qqiz nafariga biznes g‘oyalari asosida tadbirkorlik, hunarmandchilik va me’morchilik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yishi uchun 12 million 700 ming so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Jazodan qaytganlar orasida fuqarolik pasportiga ega bo‘lmagan, Namangan shahri, Yangi Namangan va Chust tumanlarida yashash joylarida ro‘yxatga olingan olti nafar shaxsga viloyat ichki ishlar organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi “ID” karta hujjatlari rasmiylashtirildi. Oilasida iqtisodiy holati yaxshi bo‘lmagan, kam ta’minlangan toifada turuvchi to‘qqiz kishiga mahalliy hokimliklar va homiylar tomonidan kundalik ro‘zg‘or uchun oziq-ovqat mahsulotlari taqdim qilindi.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi binosida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Hotamov boshchiligida tashkil etilgan sayyor qabulda viloyat ichki ishlar boshqarmasi va viloyat prokuraturasi mas’ul xodimlari hamda tegishli tashkilot vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, profilaktika va probatsiya inspektorlari ishtirok etdi. Unda jazodan qaytganlar bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilib, ushbu muloqotlarda ularning bandligini ta’minlash, sog‘ligini tiklash, ijtimoiy muhitga moslashuv va mavjud muammolar atroflicha muhokama qilindi.
– Hayotda pastu balandi yo‘llar bor. Gohida qanday yashash o‘zimizga bog‘liq deymizu, bilib-bilmasdan xatoga ham yo‘l qo‘yamiz, – deydi Namangan shahrida yashovchi Ilhomjon Adhamov. – Yurtboshimizning farmoni biz kabi yo‘ldan adashgan, qilmishi oqibatini o‘ylamasdan jinoyat yo‘liga kirib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganlarga chinakam g‘amxo‘rlik va katta imkoniyat bo‘ldi. Sayyor qabulda mahkumlik paytimda yuzaga kelgan muammolarim ijobiy hal etilganidan xursandman. Tegishli mutasaddilar va “mahalla yettiligi” vakillari bilan suhbatdan keyin o‘qishim qayta tiklandi. Ish bilan ham ta’minlandim. Bunday e’tiborga javoban kelgusida faqat halol mehnat qilib, bildirilgan ishonchni, albatta, oqlayman.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.