French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millatga o‘zligini ko‘rsatuvchi “Oyina” tutgan jadid
11:45 / 2025-12-04

Bugungi global axborot asrida dunyoning istalgan burchagidagi yangilikdan xabardor bo‘lish uchun birgina smartfon kifoya. Axborot oqimi shu qadar tezki, biz uni saralashga ham ulgurmaymiz. Biroq bundan roppa-rosa bir asr avval Turkiston o‘lkasida vaziyat butunlay o‘zgacha edi. Qog‘oz taqchil, zamonaviy bosmaxonalar barmoq bilan sanarli, aholining asosiy qismi dunyoda kechayotgan siyosiy va ilmiy jarayonlardan bexabar bo‘lgan bir davrda gazeta yoki jurnal chiqarish – majoziy ma’noda tog‘ni igna bilan qazishdek mashaqqatli ish sanalardi. Ana shunday murakkab tarixiy sharoitda samarqandlik ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy nafaqat bu og‘ir yukni yelkasiga oldi, balki mintaqa ma’naviy hayotida inqilob yasay olgan “Oyina” jurnalini ta’sis etib, millatga o‘zligini ko‘rsatuvchi shaffof ko‘zgu tutishga muvaffaq bo‘ldi.

Millat oydini Behbudiy matbuotni shunchaki xabar yetkazish vositasi emas, balki “zamonning tili” deb bildi. Uning qarashicha, jamiyatni qoloqlik botqog‘idan olib chiqishning yagona yo‘li – xalqni o‘qitish, Yevropa ilm-fanini mahalliy aholiga yetkazish va kishilarni taraqqiyot sari yetaklash edi. Shu maqsadda 1913 yilning 20 avgustida Samarqandda dunyo yuzini ko‘rgan “Oyina” jurnali ilk sonidanoq o‘zining ma’rifiy yo‘nalishini aniq belgilab oldi. Bu nashr nafaqat o‘sha davr ziyolilarining, balki oddiy xalqning ham dunyoqarashini kengaytiruvchi haqiqiy qomus vazifasini o‘tadi. Jurnal sahifalarida tashkil etilgan “Tarix va jug‘rofiya”, “Turkistonda maktab lisoni”, “Millat ehtiyoji” kabi doimiy ruknlar jamiyatning eng og‘riqli nuqtalarini nishonga olardi.

Nashr faoliyati oson kechmadi. Jurnal xususiy tashabbus sifatida, Behbudiyning o‘z mablag‘i va g‘ayrati evaziga, toshbosma usulida 400 – 600 nusxada chop etilardi. Bu raqam bugungi kun uchun juda kam tuyulishi mumkin, ammo o‘sha davr Turkistoni uchun bu jiddiy ko‘rsatkich edi. Moliyaviy qiyinchiliklar, Rossiya imperiyasi senzurasining qattiq nazorati va obunachilarning kamligiga qaramay, tahririyat o‘z ishini to‘xtatmadi. Avvaliga haftada bir marta 24 sahifada, keyinroq har 15 kunda 35 sahifa hajmida nashr etilgan jurnal qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilardi. Behbudiyga bu ishda Saidrizo Alizoda, Hoji Muin kabi iqtidorli samarqandlik qalamkashlar yelkadosh bo‘lishdi. Ularning sa’y-harakatlari bilan “Oyina” nafaqat Turkistonda, balki bir qancha xorijiy Sharq mamlakatlarida ham o‘z muxlislarini topa oldi.

Jurnalning eng katta yutuqlaridan biri – o‘zbek o‘quvchisini dunyo bilan hamnafas qilishga intilishi edi. Mahalliy yangiliklar (“Samarqand xabarlari”) bilan bir qatorda “Axbori jahon” rukni ostida rus va xorijiy matbuotdan olingan telegrammalar, siyosiy sharhlar berib borildi. Odamlar o‘zlari yashab turgan mahalla va qishloq chegaralaridan tashqarida ham hayot qaynayotganini, boshqa millatlarning turmush tarzi va taraqqiyot darajasini aynan shu sahifalar orqali anglab yetdilar. Bu jarayon o‘ziga xos “ijtimoiy terapiya” vazifasini o‘tab, xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otishga xizmat qildi.

Behbudiy matbuot minbaridan foydalanib, o‘ta nozik va muhim masala – til muammosini dadil ko‘tarib chiqdi. Jurnal ikki tilda – o‘zbek va fors tillarida chop etilgan bo‘lsa-da, unda rus tilidagi maqolalar ham uchrab turardi. Muharrir ko‘p til bilishni zamon talabi sifatida targ‘ib qildi, ammo ona tilining sofligi masalasida murosasiz edi. Uning qarashicha, til – millatning ruhi bo‘lib, uni yo‘qotish millatning o‘zini yo‘q qilish bilan barobardir. “Oyina” sahifalarida “Har millat o‘z tili ila faxr etar” degan g‘oyaning ilgari surilishi, aslida, milliy o‘zlikni anglashga qaratilgan siyosiy manifest edi. Jurnal shuningdek, “usuli jadid” maktablarini targ‘ib qilish, milliy ta’lim tizimini isloh qilish va darsliklar yaratish masalalariga ham birlamchi e’tibor qaratdi.

“Oyina”ning jamiyat hayotidagi yana bir muhim roli – uning tanqidiy fikrlash madaniyatini shakllantirishdagi xizmatidir. Behbudiy “Haqiqat har tarafdan zuhur etar” degan demokratik tamoyilga asoslanib, turli fikrlar va bahslarga keng o‘rin ajratdi. U xalqni g‘iybat va mayda gap-so‘zlardan voz kechib, matbuot orqali jiddiy muammolarni muhokama qilishga (mashvaratga) chaqirdi. Davlat amaldorlari, qozilar va muftiylar faoliyatining tanqid ostiga olinishi esa o‘sha davr uchun misli ko‘rilmagan jasorat bo‘lib, jamiyatda jamoatchilik nazorati institutining ilk kurtaklarini paydo qildi.

Afsuski, bu ma’rifiy loyiha uzoq yashamadi. Birinchi jahon urushi davridagi iqtisodiy va siyosiy tanglik jurnal taqdiriga ham ta’sir ko‘rsatdi. 1915 yilning 15 iyunida “Oyina”ning so‘nggi – 68-soni nashrdan chiqdi. Biroq uning qisqa umri davomida bajargan ishi asrlarga tatigulik edi. Behbudiy va uning maslakdoshlari yoqib ketgan mash’ala Turkiston xalqiga o‘z tarixini, nuqsonlarini va salohiyatini ko‘rsatuvchi ko‘zgu bo‘lib xizmat qildi. Ushbu nashr O‘zbekiston matbuoti tarixida so‘z erkinligi, milliy g‘urur va ma’rifatparvarlikning yorqin namunasi sifatida qoldi. Bugungi kunda ham “Oyina” ko‘targan masalalar – ta’lim sifati, til sofligi va tanqidiy fikrlashning ahamiyati o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA