Jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va ma’naviy barkamol bo‘lib voyaga yetishi muhim sanaladi. Bunda ajdodlar merosi, ma’naviy qadriyatlar hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Shu bois bugun yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Zero, Prezidentimiz 2023 yil 22 dekabr kuni Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ta’kidlaganidek:
“Biz Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino kabi buyuk ajdodlarimiz haqida, deb ko‘p gapiramiz. Ammo bolalarimiz ularning qaysi asarini o‘qiy oladi? Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi deymiz, lekin ularning bolalik davrini kim biladi?”.
Aytish joizki, nomlari zikr etilgan улуғ ajdodlarimizning ilm-fan sohasidagi buyuk kashfiyotlari va insoniyat tafakkuri rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi umumjahon miqyosida e’tirof etilgan. Shunday ekan, ана shunday qutlug‘ an’analarni davom ettirib, yurtimizda ularga munosib farzandlarni tarbiyalash ishlarini jadal olib borishimiz lozim. Har qaysi xalqning qadriyat va an’analari uning madaniy-ma’rifiy olami, milliy g‘oyasining asosi hisoblanadi. Shu bois davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida milliy g‘oya xususida shunday deydi:
“Avvalo, ma’naviyat va madaniyat sohasi uchun metodik asos bo‘lib xizmat qiladigan milliy g‘oyamizni rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqishimiz lozim. Bu jarayonda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz talablari hisobga olinishi zarur”.
Darhaqiqat, milliy g‘oyaning mohiyatini to‘liq anglab yetmagan, eski mafkurani tasavvur qilib, bunga yuzaki qaraydiganlar ham yo‘q emas. Tabiiyki, biz yaratayotgan yangi g‘oya ezgulik, odamiylik g‘oyasi bo‘ladi. U o‘z navbatida, xalqimizning necha ming yillik hayotiy qadriyatlari va an’analariga tayanadi.
Mustamlaka tuzumining tazyiqlariga qaramasdan, o‘z hayotini xalqimizning ma’naviy kamolotiga bag‘ishlagan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ ma’rifatparvarlarning ulkan xizmatlarini, bu yo‘lda haqiqiy vatanparvar, yurtparvar, millatparvar sifatida iz qoldirgan ziyoli insonlarning nomlarini el-yurtimiz doimo hurmat bilan eslaydi.
Binobarin, millatparvar bobolarimizning ezgu maqsadi - milliy o‘zlikni anglash g‘oyasini ilgari surib, xalqimizni dunyoviy ilm-fan, ilg‘or kasb-hunarlar bilan qurollantirish, shu tariqa, taraqqiyot yo‘liga tushib olishdan iborat edi. Jadidlar tomonidan tashkil etilgan yangi usuldagi maktablar, teatr, kutubxona va muzeylar, gazeta va jurnallar, Turkiston farzandlarini chet ellarga o‘qishga yuborish maqsadida tuzilgan xayriya jamiyatlari xalqimizni necha asrlik g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi, milliy ozodlik harakati uchun beqiyos kuch berdi.
Shu o‘rinda aytish joizki, улуғ ma’rifatparvar Ibrat domlaning „Millatni kim isloh etar, ulamo g‘ayrat etganda millat albatta isloh topur“ degan hikmatli so‘zlari zamirida ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz, mutafakkirlarimizning orzu-intilishlari va armonlari o‘z ifodasini topgan.
Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada avvalo, o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishni kun tartibiga qo‘ymoqda. Prezidentimiz “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga ham xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan boshqa fan o‘qituvchilaridan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanishi adolatdan bo‘lishini ta’kidladi. Shu maqsadda milliy sertifikatga ega bo‘lgan “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga kelgusi o‘quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to‘lanadi.
Bu kabi e’tibor va e’tiroflar mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga, uning respublika va xalqaro miqyosdagi nufuzini tubdan oshirishga, o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga, yurtimizdagi millat va elatlarning davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Baxtiyor Abdushukurov,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili
va adabiyoti universiteti O‘zbek filologiyasi
fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor.
O‘zA