Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi Toshkentdagi Abdulla Qodiriy xotira muzeyi bilan hamkorlikda "Qatag‘on qurbonlari Husayn Jovid va Abdurauf Fitrat: maorifchi ziyolilar va milliy ozodlik jarchilari"mavzusida tadbir o‘tkazdi.
Abdulla Qodiriy muzeyida bo‘lib o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Milliy Majlisi Madaniyat qo‘mitasi raisi Ganira Pashayeva, Bokudan kelgan boshqa mehmonlar, adabiyot, madaniyat va san’at namoyandalari, Abdulla Qodiriy ijod maktabi o‘quvchilari ishtirok etdi.
Muzey direktori muovini Mavluda Omonova ozarbayjon va o‘zbek yozuvchilari Husayn Jovid va Abdurauf Fitrat hayoti, ijodi haqida so‘zlab berdi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov jadid allomalarimizning ikki yurt ilm-fani, madaniyati, adabiyoti rivojida, umuman xalqlarimiz ta’lim-tarbiyasida tutgan o‘rni haqida gapirdi. Ma’rifatparvar ziyolilarimiz ijodi xalqlarimiz milliy g‘oyalari shakllanishiga alohida ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, ikki millatning Husayn Jovid, Abdurauf Fitrat singari sodiq farzandlari butun umr Vatanni ozod ko‘rish orzusi bilan yashagan, ular aynan shu yo‘lda mudom tazyiqqa, ta’qibga, oxir-oqibat qatag‘onga uchragan.
S.Abbasov XX asr boshi Ozarbayjon adabiy muhiti, "Mulla Nasriddin" jurnali, Mirza Jalil, Sobir kabi yirik hajvchi-inqilobchi demokratlar ijodi o‘zbek adabiy hayotiga ham muayyan ta’sir ko‘rsatgani haqida ham so‘z yuritdi. Davlatlarimizning qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish borasidagi faoliyatiga ham to‘xtalib, sobiq sovet davrida buyuk rahbar Haydar Aliyev ko‘rsatmasi bilan Husayn Jovid xoki uzoq Sibirdan Ozarbayjonga olib kelingani va qayta dafn etilganini yodga oldi.
Olim, qatag‘on mavzusi bo‘yicha taniqli mutaxassis, yozuvchi Davron Rajab ozar va o‘zbek xalqlari bir xil taqdirga duch kelgani, xalqlarimiz ziyolilari o‘rtasida azaliy mustahkam do‘stona munosabat mavjudligi, adabiyotlarimiz bir-biri bilan har tomonlama uyg‘un ekaniga e’tibor qaratdi.
Ozarbayjon singari O‘zbekiston ham qatag‘on siyosati natijasida minglab ziyolilarini yo‘qotgan. Xuddi Jovidning «Chingiz», «Atilla» dramalari kabi Fitratning ham «O‘g‘uzxon», "Abu Muslim" asarlari yo‘q qilib yuborilgan.
Davron Rajab bunday shaxslarni o‘rganish va targ‘ib qilish yosh avlod vakillari - o‘quvchi va talabalarni ma’naviy jihatdan barkamol etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini uqtirdi.
Deputat Ganira Pashayeva o‘zbek va ozarbayjon yozuvchilarining o‘tgan asr boshidan buyon shakllangan hamkorligi, salbiy holatlarga qarshi birgalikda olib borgan kurashi haqida gapirib, 1910 yildan keyin Husayn Jovid dramatik asarlari diyorimizda ozarbayjon va o‘zbek tillarida sahnalashtirilganini ta’kidladi.
Masalan, o‘sha yillari o‘zbek yozuvchi-adiblari Ozarbayjonga tez-tez tashrif buyurgan. Mashhur G‘afur G‘ulom 1930 yil Bokuda chop etiladigan «Kommunist» gazetasi uchun yozgan maqolasida o‘zi va yana bir necha o‘zbek yozuvchisi ozarbayjonlik Sayid Rizo Alizoda muallim bo‘lib ishlagan maktabda ta’lim olganini e’tirof etgan edi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA